Jamiyat | 11:50 / 25.03.2019
25137
6 daqiqa o‘qiladi

«Agrobank» ATB Qarshi filiali va fermerlar o‘rtasidagi mojaro. Hisob raqamdagi pullar qayerga ketdi?

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi «Turon» fermer xo‘jaligi rahbari U.Haqberdiyev va «Ulug‘bek Nur Tursunpo‘lat o‘g‘li» fermer xo‘jaligi rahbari N.Xudoyberdiyev tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda «Agrobank» ATB Qarshi tumani filiali fermerlarning hisob raqamlaridagi mablag‘larni boshqa fermer xo‘jaliklari hisob raqamlariga o‘tkazib yuborganini, bu jarayondan ularning xabari yo‘qligi, mablag‘lari talon-toroj bo‘lgani bayon etilgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Qarshi tumanida bo‘ldik va shikoyat xati yo‘llagan fermerlar bilan uchrashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«2018 yilda fermer xo‘jaliklarimiz paxtadan ko‘rgan daromadlaridan tushgan mablag‘larni hisob raqamlarimizdan bank kreditidan qarzdor bo‘lib qolgan boshqa fermer xo‘jaliklari hisob raqamlariga «Agrobank» ATB Qarshi filiali xodimlari o‘tkazishgan. Shu orqali ular qarzdor fermerlarning qarzlarini yopishgan. Ammo biz hech qanday hujjatga muhr va imzo qo‘ymaganmiz. «Turon» fermer xo‘jaligi hisob raqamidan 20 million so‘m, «Ulug‘bek Nur Tursunpo‘lat o‘g‘li» fermer xo‘jaligi hisob raqamidan 30 million so‘m mablag‘ boshqa hisob raqamlarga o‘tkazilgan. Bunday holatga tushgan fermerlar ko‘p. Dastlab turli tashkilotlarga bu borada murojaat qilganimizda ularning soni ko‘p edi. Keyinchalik noma'lum sabablarga ko‘ra da'volaridan qaytishdi. Qolaversa, yil davomida bank bizning hisob raqamlarimizdagi mablag‘lardan turli tadbirlar, xayriya va homiyliklar uchun tuman rahbarlari topshirig‘i bilan o‘tkazaveradi. Mablag‘larimizni ochiqchasiga talon-toroj qiladi. Endi esa paxtadan olgan daromadimizni ham boshqa fermerlar hisob raqamlariga o‘tkazgan. Biz bu mablag‘larimiz o‘zimizga qaytarilishini istaymiz», – deydi «Turon» fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Haqberdiyev.

O‘rganish davomida fermerlardan bu e'tirozlariga asos bor yoki yo‘qligini so‘radik.

Ularning aytishicha, mablag‘ o‘tkazilgani haqida to‘lov-topshiriqnoma borligini «Agrobank» ATB Qarshi filiali ularning e'tirozlaridan keyin taqdim etishgan. Unda fermer xo‘jaligi rahbari imzosi, muhri va bank shtampi bor.

Ammo fermerlar bizga xuddi shunday sonli boshqa to‘lov-topshiriqnomalarni ham ko‘rsatishdi. Ularning aytishicha, bu hujjatlar ham bank xodimi tomonidan ularga taqdim etilgan. Lekin bu to‘lov-topshiriqnomalarda bank shtampi yo‘q. Imzo va muhr tushgan o‘rinlari har xil.

Fermerlarning e'tirozlari va ushbu holat yuzasidan «Agrobank» ATB Qarshi filiali boshqaruvchisi H.Qultoyev bilan suhbatlashdik.

«Ushbu fermerlar haqiqatan ham bankimiz mijozlari hisoblanishadi. Biz mijozlar mablag‘ini faqat to‘lov-topshiriqnoma asosida boshqa hisob raqamga o‘tkazamiz. Bu fermerlarniki ham tegishli tartibda, o‘zlari muhr qo‘ygan va imzo chekkan to‘lov-topshiriqnomalari asosida boshqa fermer xo‘jaliklari hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Bu yerda hech qanday qonun buzilish holatlari yo‘q. Agar fermerlar to‘lov-topshiriqnomalar soxtalashtirilgan deyishayotgan bo‘lsa, tegishli organlarga ariza berishsin. Hujjatlar tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazilsin. Shunda hammasi oydinlashadi. Buni fermerlarning o‘ziga ham tushuntirganmiz. Fermerlar ko‘rsatayotgan ikki xil to‘lov topshiriqnomasiga kelsak, biz faqat bankimiz shtampi bo‘lgan to‘lov-topshiriqnomalarga javob beramiz. Ular ko‘rsatayotgan boshqa to‘lov-topshiriqnomalarda bankimiz shtampi yo‘qmi, biz javob bermaymiz», – deydi H.Qultoyev.

Shuningdek, bank boshqaruvchisining ta'kidlashicha, bu fermerlar Markaziy bankka ham ariza bilan murojaat qilishgan. Ularning shikoyatlari Markaziy bank Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi, «Agrobank» ATB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi mutasaddilari tomonidan o‘rganilgan va xulosalar qilinib, dalolatnoma tuzilgan.

O‘rganish davomida ushbu xulosalar bilan tanishdik. Markaziy bank Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi, «Agrobank» ATB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, «Agrobank» ATB Qarshi tumani filiali mutasaddilari va fermerlar tomonidan imzolangan dalolatnomada «pul mablag‘lari to‘lov-topshiriqnomalari asosida o‘tkazilgan», deya xulosa qilinib, imzolar va muhrlar bo‘yicha e'tirozlar bo‘lsa fermer xo‘jaliklari rahbarlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari to‘g‘risida tushuntirilgani qayd etilgan.

Ammo biz bilan takroriy suhbatda «Turon» fermer xo‘jaligi rahbari U.Haqberdiyev va «Ulug‘bek Nur Tursunpo‘lat o‘g‘li» fermer xo‘jaligi rahbari N.Xudoyberdiyev bankka hech qanday to‘lov-topshiriqnoma bermaganliklari, bank taqdim etayotgan bu hujjatlarga hech qanday imzo ham, muhr ham qo‘ymaganliklari haqidagi iddaolarida qat'iy turishdi.

Ushbu fermer xo‘jaliklari rahbarlariga bu e'tirozlari yuzasidan tegishli organlarga ariza berishlarini, ushbu organlar bu holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib,  huquqiy baho berishlarini tushuntirdik.

Kun.uz tegishli organlar «Agrobank» ATB Qarshi tumani va «Turon», «Ulug‘bek Nur Tursunpo‘lat o‘g‘li» fermer xo‘jaliklari o‘rtasida yuzaga kelgan ushbu mojaroli holatni tegishli tartibda o‘rganib, huquqiy baho berishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid