Sport | 19:00 / 26.03.2019
32238
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy olimpiya jamoasi Osiyo chempionati final bosqichiga chiqdi

O‘zbekiston milliy olimpiya jamoasi Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionati U-23 saralashining «F» guruhi musobaqasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, kelasi yil Tailandda o‘tadigan qit'a birinchiligiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Lyubinko Drulovich qo‘l ostidagi jamoa «Paxtakor» stadionida Usmon Toshev murabbiyligidagi Tojikiston olimpiyachilariga qarshi maydonga tushib, golsiz durangga rozi bo‘ldi. Natijada jamoalarning guruhdagi uchinchi ishtirokchi – Hindiston bilan o‘yinlari natijasi uchlik g‘olibiga aniqlik kiritdi.

Hindlar dastlab O‘zbekistonga 0:3, so‘ng Tojikistonga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishgandi. Shu tufayli ijobiy to‘plar nisbatiga ega mezbonlar birinchi o‘rin bilan Tailand-2020 yo‘llanmasiga ega chiqishdi.

2-o‘rin sohibi Tojikiston ham qit'a chempionatiga chiqish imkonini saqlab qoldi. Saralashning 11ta guruhida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 4ta jamoa ham final bosqichida ishtirok etadi.

Osiyo chempionati 2020 yil 8-26 yanvar kunlari Tailandning Bangkok va Patum Tani shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Unda dastlabki uchta o‘rinni egallagan jamoalar Tokio Olimpiadasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishadi.

Osiyo chempionati U-23 saralashi
«F» guruhi. Toshkent. «Paxtakor» stadioni
O‘zbekiston U-23 – Tojikiston U-23 0:0
Bosh hakam: Xiroyuki Kimura (Yaponiya).
O‘zbekiston: 1.Umidjon Ergashev, 2.Islomjon Qobilov, 3.Xojiakbar Alijonov, 4.Abdulla Abdullayev, 7.Oston O‘runov, 8.Islom Kenjaboyev (23.Oybek Bozorov), 9.Jasurbek Yaxshiboyev, 11.Mirjahon Mirahmadov (10.Bobir Abdixoliqov, 55), 15.Oybek Rustamov, 19.Ilhom Alijonov, 20.Husniddin G‘ofurov.

Mavzuga oid