O‘zbekiston | 11:07 / 29.03.2019
3906
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha shikoyatga oid birinchi majlis muddati qayd etildi

Foto: Getty Images

Iqtisodiy protsessual kodeksda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini qayta ko‘rish to‘g‘risidagi shikoyatni (protestni) ko‘rish bo‘yicha birinchi majlis o‘tkaziladigan muddat qayd etildi (20.03.2019 yildagi O‘RQ–531-son Qonun). Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Iqtisodiy ish bo‘yicha birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori apellyatsiya, kassatsiya (agar apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa) tartibida va nazorat tartibida qayta ko‘rilishi mumkin. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari (birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari va ajrimlari; apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarining qarorlari va ajrimlari) ham yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilishi mumkin.
 
Belgilanishicha, birinchi sud majlisi quyidagi kundan e'tiboran 20 kundan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak:

• apellyatsiya va kassatsiya shikoyatini (protestini), shuningdek qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida arizani ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan;
• nazorat shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish va uni ko‘rib chiqish uchun Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atiga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan.
 
Tegishincha, ishda ishtirok etuvchi shaxslar uchun bu chaqirib olingan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatini (protestini) mazkur 20 kunlik muddat ichida sudga yo‘llash zarurligini anglatadi.   
 
Qonun 21.03.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid