Vafot etgan fuqaro nomiga kommunal to‘lovlar uchun qarzdorlik belgilanishi mumkinmi?
Vafot etgan shaxs nomiga yillar davomida kommunal to‘lovlar qayd etilayotganligi, shu bilan birga asossiz katta qarzdorlik paydo bo‘layotganligi ko‘plab fuqarolarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.
Xonadonlarga borgan MIB xodimlari ancha yillar oldin olamdan o‘tgan xonadon a'zosi uchun ham to‘lovni undirishi yoxud uyning sobiq egasi nomiga kelayotgan qarzdorlik aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Aybdor fuqarolarmi yoki ta'minotchi korxonalar?
Uy xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Aliposha Axmedovning ta'kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyulda qabul qilingan 194-sonli «Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qarorida belgilanganidek, xonadonda aholi soni o‘zgarsa (vafot etganligi yoki boshqa sabablar bilan ro‘yxatdan chiqarilsa), iste'molchining o‘zi 5 kun muddatda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bu haqda xabar berishi kerak.
«Lekin, afsuski, juda ko‘p hollarda belgilangan muddat o‘tib ketadi va vafot etgan fuqaro nomiga oylab, yillab qarzdorlik yozilaveradi. Oradan ancha vaqt o‘tishiga qaramasdan kechikib bo‘lsa ham tegishli tashkilotlarga fuqaroning vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi taqdim qilinsa, vafot etgan kunidan boshlab yozilgan qarz olib tashlanadi», — deydi u.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farruh Toshpo‘latov esa vafot etgan fuqaroning nomiga yozilayotgan qarzdorlik holatlarini quyidagicha izohladi:
— MIB xodimlari xonadonlarga borishganda shunaqa tushunmovchiliklarga duch kelishyapti. MIBning bu yo‘nalishda ishlash tartibini tushuntiraman: kommunal to‘lovlardan qarzdorlik bo‘yicha MIBga tegishli ta'minotchi korxonalar tomonidan hisobot taqdim etiladi. Xodimlarimiz shu ma'lumotlarga asosan ish yuritishadi. Vafot etgan bo‘lsayam, shaxs nomiga qarzdorlik yozilayotgan bo‘lsa, fuqaro oila a'zosi vafot etganligi to‘g‘risida guvohnomani kommunal to‘lovni qabul qiluvchi tashkilotlarga ko‘rsatishi kerak. Bunda eng yaqin hamkor mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘lishi kerak, chunki aynan mahalla ma'lum joyda istiqomat qiluvchilar haqida ko‘proq ma'lumotga ega va bu bo‘yicha doimiy ravishda baza shakllantirib borilishi lozim.
Toshpo‘latovning aytishicha, ushbu masala yuzasidan mahalla va fuqarolar o‘rtasida izchil hamkorlik tashkillashtirilishi lozim. Yana bir vaziyatni keltirib o‘tish lozim: uy kimning nomida bo‘lsa, ta'minotchi korxonalarning ma'lumotlar bazasida uning ismi ro‘yxatga olinadi va to‘lovlar shu shaxs nomiga keladi (uyda ro‘yxatda turuvchilar ham to‘lovni amalga oshirishadi).
Agar uyning qonuniy egasi vafot etgan bo‘lsa, mulkka egalik qilish huquqi marhumning vasiyati bo‘yicha uning oila a'zolaridan biriga o‘tishi kerak. Jismoniy shaxs buni rasmiylashtirib olishi lozim. Shunda yuqorida keltirilgan bazada vafot etgan shaxs nomi o‘chiriladi va o‘z-o‘zidan qarzdorlik qayd etilmaydi.
«Bu kabi chigal vaziyatning oldini olishning optimal yechimi ma'lumotlar almashinuvi tizimini elektronlashtirishdir. Bunda fuqaro o‘zi iste'mol qiladigan gaz, elektr, suv miqdori uchun oldindan pul to‘laydi. Eng muhimi, inson faktoridan foydalanilmaydi va tizim kamchiliklarsiz ishlaydi.
ASKUE (Avtomatizirovannaya sistema kontrolya i ucheta elektroenergii) tizimi yaqin yillar ichida butun respublika bo‘ylab joriy etiladi. Hozirda Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand viloyatlarida ASKUEni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi», — deya qo‘shimcha qildi F. Toshpo‘latov.
Ekspertlar ta'kidlaganidek, tashkilotlar va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchilikni oldini olish uchun huquqiy ongni shakllantira bilish lozim. Har bir fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini anglamasa, o‘rtada ziddiyat yanada kuchayaveradi.
Muhabbat Ma'mirova
Mavzuga oid
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024
202,9 mlrd so‘mlik ijro ishlarini asossiz ravishda tugatgan MIB mansabdorlari aniqlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
17:12 / 30.10.2024