Jamiyat | 07:38 / 05.04.2019
8826
4 daqiqa o‘qiladi

"Oltin qalam" XIV milliy mukofoti uchun tanlov boshlandi

Foto: jahonnews

Jurnalistika yutuqlarini ommalashtirish hamda rag‘batlantirish,  ommaviy axborot vositalari xodimlarining mehnatlarini munosib taqdirlash maqsadida "Oltin qalam" XIV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga start berildi. Bu haqda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi xabar berdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan mazkur tanlovga 2018 yil 31 martidan 2019 yil 31 martiga qadar bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio va televideniyeda efirga uzatilgan hamda Internet nashrlarida e'lon qilingan materiallar 2019 yilning 15 aprel sanasigacha qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari quyidagi yo‘nalishlarda taqdirlanadilar:

- Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot 

G‘olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Asosiy mukofotlar:

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televideniye – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma ommaviy axborot vositalari – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (Internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o‘rinlar).

Birinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishadi.

Ikkinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishadi.

Uchinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishadi.

Rag‘batlantiruvchi mukofotlar uchun nominatsiyalar:

Inson huquqlar mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun;  

Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun;

Eng yaxshi fotoreportaj;

Eng yaxshi matbuot xizmati.

Mazkur nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar diplom, tanlov statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishadi.
Shu bilan birga, milliy hamkorlar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNeSKO singari xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari va elchixonalar ham o‘z rag‘batlantiruvchi mukofotlarini ta'sis etgan.

Tanlov uchun taqdim etiladigan materiallarga qo‘yiladigan talablar:
Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda Internet nashrlarida e'lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo‘lmasligi kerak).

Televideniye bo‘yicha videomateriallar (CD, DVD diskda) 3 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.

Radioeshittirishlar (CD, DVD diskda) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.

Matbuot va Internet materiallari asl nusxada yoki ko‘chirma nusxada taqdim etilishi lozim.

Tanlovga yuborilgan materiallarga muallif haqida ma'lumotnoma (obektivka), muallifning turar joyi, uy va ish telefonlari, pasport nusxasi ilova qilinishi lozim.
G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi 2019  yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni Turkiston saroyida bo‘lib o‘tadi.

Materiallar “Oltin qalam” tanloviga” deb ko‘rsatilgan holda Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy manziliga topshiriladi.

Mavzuga oid