Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi bo‘yicha o‘zgarishlar yuz berdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi” tomonidan keltirilgan.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.
O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan 598–I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:
36-modda (Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi):
birinchi qismining 10, 11 va 12-bandlari quyidagi mazmundagi 10, 11, 12 va 13-bandlar bilan almashtirildi:
“10) qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;
11) meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi order kimoshdi savdosi asosida sotib olinganidan keyin yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi garovda bo‘lgan taqdirda esa — garov shartnomasi muddati mobaynida foydalanilmaganida. Foydalanilmayotgan yer uchastkalari ularning avvalgi egalari to‘lagan qiymat ushbu egalarga kompensatsiya qilingan holda olib qo‘yiladi;
12) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashlari rayosatining qaroriga muvofiq fermer yoki dehqon xo‘jaligining O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a'zoligi tugatilganda;
13) yer uchastkasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yilganda”;
to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3, 5–11-bandlarida ko‘rsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga ko‘ra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha tumanlar, shaharlar, viloyatlar hokimlarining qarorlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi. Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 12-bandida ko‘rsatilgan holda tugatish tegishli tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining taklifiga ko‘ra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tumanlar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi. Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga egalik qilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda ko‘rsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin”;
beshinchi qismidagi “1, 2, 6 — 10, 12” raqamlari “1, 2, 6 —10, 12, 13” raqamlari bilan almashtirildi.
84-modda (Yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirildi:
“Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan hamda tomorqa yerlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shu jumladan yerlarga ishlov berilishining holati, urug‘lar, ko‘chatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning ko‘paytirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoringni amalga oshiradi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi a'zolari bo‘lgan fermer, dehqon xo‘jaliklariga hamda tomorqa yer egalariga tegishli yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berishga haqli”.
Mavzuga oid
20:28 / 01.11.2024
Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar
14:20 / 24.10.2024
Xohish bo‘lsa bas: tashlandiq yerlarni bo‘stonga aylantirganlar
14:20 / 15.10.2024
Yerni noqonuniy egallab olish bo‘yicha qo‘llangan jazo choralari aytildi
16:21 / 26.09.2024