Jahon | 10:53 / 10.04.2019
82807
3 daqiqa o‘qiladi

O‘lim jazosi eng ko‘p ijro etiluvchi davlatlar ma'lum qilindi 

Foto:AFP 2019 / STR

Dunyoda qatllar soni 2018 yilda 31 foizga kamayib, kamida oxirgi o‘n yillikdagi eng past ko‘rsatkichni tashkil qilgan. Bu haqda Amnesty International tashkiloti hisobotida aytilgan. 

Har yili o‘tkaziluvchi tadqiqotda aytilishicha, dunyoda qatllar umumiy soni 2017 yildagi 993 tadan 2018 yilda 690 tagacha kamaygan. “2018 yil uchun ma'lumotlar o‘lim jazosi qo‘llanishi umumiy holda kamayotganini va butun dunyo bo‘ylab ushbu shafqatsiz va vahshiy jazoga chek qo‘yish uchun samarali qadamlar qabul qilinayotganini ko‘rsatmoqda”, deb aytilgan hisobotda. 

Amnesty International bosh kotibi Kumi Nayduning shu munosabat bilan ta'kidlashicha, “dunyoda qatllar sonining keskin kamayishi bu eng kam kutilayotgan davlatlar ham o‘z yondashuvini o‘zgartirib, o‘lim jazosi muammoning yechimi emasligini tushunayotganini isbotlaydi”. Jumladan, hisobotda aytilishicha, Eronda giyohvand moddalarga qarshi qonunga o‘zgartirishlar kiritilgach, qatllar soni 50 foizga kamaygan. Shuningdek, Pokiston va Somalida ham o‘lim jazolari soni ancha kamaygan.

Shu bilan birga, huquq himoyachilari Belarus (kamida 4 ta qatl), Singapur (13), AQSh (25) va Janubiy Sudanda (kamida 7 ta) qatllar soni oshgani, Yaponiyada esa 2018 yilda ko‘p yillar davomida eng ko‘p qatl qayd qilinganini (15 ta) ma'lum qilishgan. 

“Men hamon o‘lim jazosini qo‘llovchi barcha davlatlarni qat'iyatlik bilan harakat qilishga va bu jirkanch jazoni qo‘llashni bas qilishga chaqiraman”, deb aytgan Naydu.

Tadqiqotda qayd qilinishicha, ayni vaqtda eng ko‘p odam qatl etiluvchi davlat Xitoy bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga Xitoyda o‘lim jazosi qo‘llanishining haqiqiy ko‘lami noma'lum, chunki bu haqidagi ma'lumotlar davlat siri hisoblanadi. Biroq Amnesty International’ning baholashicha, Xitoyda har yili minglab odamlarga o‘lim jazosi hukmi chiqariladi va minglab odamlar qatl etiladi.

2018 yilda eng ko‘p qatl sodir etilgan davlatlar orasida Xitoydan keyin Eron (253 ta), Saudiya Arabistoni (149), Vetnam (kamida 85 ta) va Iroq (kamida 52 ta) kelmoqda.

Shuningdek, Amnesty International 2018 yilda ba'zi davlatlarda o‘lim jazosi hukmlari soni keskin oshganidan xavotir bildirgan. Jumladan, Iroqda bunday hukmlar soni 2017 yildagi 65 tadan 2018 yilda 217 tagacha, Misrda esa mos ravishda 402 tadan 717 tagacha ko‘paygan.  

Amnesty International Shimoliy Koreyada 2018 yilda odamlar qatl etilishi davom etgani, biroq bu ma'lumotni tasdiqlashning imkoni yo‘qligi ta'kidlab o‘tilgan.

Mavzuga oid