Olamshumul kashfiyot: Qora tuynukning tarixdagi ilk suratini olishga muvaffaq bo‘lindi
10 aprelda butun dunyo bo‘ylab bir vaqtda bo‘lib o‘tgan 6 ta matbuot-anjumanda qora tuynukning tarixdagi ilk surati dunyoga taqdim qilindi. Suratda sayyoramizdan 55 yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan M87 (Messe 87) deb ataluvchi elliptik galaktika markazida joylashgan o‘ta massiv qora tuynuk tasvirlangan. Bu obekt aqlbovar qilmas o‘lchamlarga ega – u Quyoshdan 6,5 mlrd marta hamda galaktikamiz markazidagi Kamonchi A qora tuynugidan ming marta kattaroqdir.
Suratning o‘ziga xosligi shundaki, bungacha qora tuynukning har bir tasviri simulyatsiya yoki nazariy ma'lumotlarga asoslangan rasm bo‘lgan. Qora tuynukning batafsil surati 8 ta kuchli radioteleskopni birlashtirgan Event Horizon Telescope loyihasi doirasida olindi. Bu surat ushbu astrofizik obektlar mavjudligining 100 foizlik isboti hisoblanadi – avval qora tuynuklarni juda olisda joylashgani sababli ko‘rishning iloji bo‘lmagan, ularning qanday ko‘rinishini faqatgina taxmin qilish mumkin bo‘lgan. Shuningdek, qora tuynuk atrofidagi hodisalar gorizonti yorug‘ halqa yoki yarimoyga o‘xshashligi haqida nazariya mavjud bo‘lgan.
Zamonamizning eng buyuk fiziklari Albert Eynshteyn va Stiven Xoking uchun adog‘i yo‘q mavzu bo‘lgan qora tuynukning real tasviri haqiqatga aylandi. Bu obektlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular ichida fizikaning barcha qonunlari amal qilishdan to‘xtaydi, vaqt to‘xtab qoladi, istalgan materiya va nur izsiz yo‘qoladi.
Suratdagi qora tuynuk ortidan kuzatuv 2017 yil bahorida olib borilgan, biroq olingan suratlarni qayta ishlash uchun olimlarga 2 yil vaqt talab etilgan.
Qora tuynukni aslida ko‘rib bo‘lmaydi va shu sababli suratda uning atrofidagi soyani ko‘rish mumkin. Markazdagi obekt esa aynan qora tuynuk hisoblanadi.