Koreya Respublikasining Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi prezidenti O‘zbekistonga keldi
12 aprel kuni Koreya Respublikasining Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi prezidenti janob Yeng Sik Mun boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Agentlikda Koreya Respublikasi delegatsiyasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi vakillari bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar Toshkentda may oyida rejalashtirilgan elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-koreys markazini ochish, Agentlik mutaxasislari uchun qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, O‘zbekistonda Elektron hukumatni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish uchun Koreya mutaxassislarini jalb qilish hamda ma'lumotlarni qayta ishlash yagona markazini tashkil etishda o‘zaro ko‘maklashish masalalarini muhokama etishdi.
Shu bilan birga, tomonlar Toshkent shahrida o‘zbek-koreys markazining ochilishiga oid masalalarni muvofiqlashtirish uchun Ishchi guruh tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilishdi.
Muhokamalar yakunida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va Koreya Respublikasining Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Ta'kidlash joizki, joriy yilning mart oyida Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri o‘rinbosari janob Yun Djong In boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandum imzolangan edi.
Memorandumning ustuvor yo‘nalishlari sifatida yangi axborot texnologiyalarini joriy etishda hamkorlik qilish, o‘quv dasturlarini tashkil etish, elektron hukumat sohasida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda O‘zbekistonda yagona ma'lumotlar markazini tashkil etishda ko‘maklashish belgilangan edi.
Ma'lumot uchun: Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi (NIA) – Koreya Respublikasida AKT sohasini yanada rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va axborot infratuzilmasini yanada rivojlantirish uchun mas'ul bo‘lgan Koreya Respublikasining davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligining idoraviy mansub tashkiloti hisoblanadi.
Mavzuga oid
11:10 / 10.10.2024
Fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
14:20 / 07.10.2024
Koreya O‘zbekistonda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildiryapti
10:10 / 20.09.2024
Koreya O‘zbekiston hududlarida pellet klasteri tashkil etadi
20:30 / 18.09.2024