Sport | 09:19 / 12.04.2019
22005
2 daqiqa o‘qiladi

«Yangi Ronaldu» Yevropa ligasida het-trik qayd etgan tarixdagi eng yosh futbolchiga aylandi

Foto: Getty Images

«Benfika» Yevropa Ligasining chorak finalida «Ayntraxt»ga qarshi ilk o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazib, 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning asosiy qahramoni – het-trik va bitta assist bilan to‘rtala golda ham ishtirok etgan hujumchi Joau Felish bo‘ldi.

Kecha lissabonlikning ushbu hujumchisi 19 yoshga to‘lganidan 152 kun o‘tgandi. Natijada u Yevropa ligasida tarixida het-trikka erishgan eng yosh futbolchiga aylandi.

Bunga qadar ushbu maqom «Fiorentina» hujumchisi Marko Pyatsaga tegishli edi. U 19 yosh-u 219 kunligida turnirning bitta o‘yinida uchta gol urgandi.

Felish, shuningdek, Yevropa ligasida gol urgan eng yosh portugaliyalik futbolchi hamdir. U turnirda haftaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga asosiy nomzodlardan biri sanalmoqda.

Joau «Portu» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U portuliklar akademiyasida 7 yil shug‘ullanib, so‘ng poytaxtga yo‘l olgan va «Benfika» tarkibiga qo‘shilgan. Professional futboldagi debyuti shu mavsum boshiga to‘g‘ri keladi. Hozirga qadar Portugaliya chempionatining 20ta o‘yinida 10ta gol va 4ta samarali uzatma muallifi bo‘ldi.

Mavzuga oid