Jahon | 19:27 / 13.04.2019
11312
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg Assanjning Britaniya qamoqxonasidagi yashash sharoiti haqida ma'lumot berdi

Foto: Victoria Jones / AP

Bloomberg agentligi WikiLeaks asoschisi Julian Assanj saqlanayotgan Britaniyadagi Belmarsh qamoqxonasi haqida ma'lumot berdi.

Agentlikning yozishicha, London janubi-sharqidagi bu turmani bir paytlar britan Guantanamosi deb atashgan. Bu yerda Usoma bin Lodinning Yevropadagi o‘ng qo‘li hisoblangan Abu Qatoda va Londondagi jamoat transportida terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan to‘rt shaxs saqlangan.

Bu yerda hozirda jamoatchilikka turli darajada xavf tug‘diradigan shaxslar saqlanadi, deb yozadi Bloomberg.  

Mazkur qamoxonadagilar uchun kameradan tashqarida vaqt o‘tkazish chegaralangan. Ma'lumot berilishicha, bu yerdagi mahbuslarning deyarli yarmi haftasiga ikki soat kamera tashqarisida bo‘lishlarini aytishgan.

Agarda Assanj qat'iy rejimdagi bo‘limda saqlanadigan bo‘lsa, uning yashash sharoiti yanada qat'iy bo‘lishi mumkin, deya qayd etadi agentlik. Ushbu bo‘limda saqlanayotganlarning sport zali va kutubxonaga kirishlari cheklangan.

Eslatilishicha, WikiLeaks asoschisi turmaga birinchi bor tushishi emas. U 2010 yilda Londondagi yana boshqa qamoqxona — Uandsvortda to‘qqiz kun saqlangan. Assanj o‘shanda garov evaziga ozod qilingandi.

Assanj 2006 yilda WikiLeaks portaliga asos solgan, unda qator hukumatlar, jumladan AQSh faoliyatiga oid maxfiy ma'lumotlar chop etilgan. 2012 yilda Shvetsiyada unga nisbatan ayblov e'lon qilinganidan so‘ng u Ekvadorning Londondagi elchixonasidan boshpana so‘ragan va yetti yil davomida o‘sha yerda yashab keldi. Payshanba kuni Ekvador unga boshpana berishni rad etdi va London politsiyasi uni hibsga oldi.

Mavzuga oid