Sport | 09:52 / 17.04.2019
10518
2 daqiqa o‘qiladi

Messi YeChLda 6 yillik noxush an'anasiga barham berdi, «MYu» esa antirekord qayd etdi

Foto: JOSEP LAGO / AFP

«Barselona» YeChL chorak finalining «Manchester Yunayted»ga qarshi javob o‘yinida ham g‘alaba qozonib (1:0, 3:0), 2015 yildan buyon ilk marta musobaqa yarim finaliga yo‘l oldi.

«Ko‘k-anorranglilar» to‘rt yil oldin hozirda Ispaniya milliy jamoasini boshqarayotgan Luis Enrike qo‘l ostida finalgacha yetib borib, hal qiluvchi bahsda «Yuventus»ni 3:1 hisobida mag‘lub etishgandi.

Shuningdek, Barselonadagi kechagi bahsda dubl qayd etgan mezbonlar sardori Lionel Messi 2013 yil aprelidan buyon YeChL chorak finali doirasida gol ura olmay kelayotgandi. Vaholanki u o‘tgan vaqt mobaynida u bu bosqichda 12ta o‘yinda qatnashib, darvoza tomon 50 marta zarba yo‘llagan. 10-raqam egasi oxirgi marta chorak finalda olti yil oldin «PSJ» darvozasini ishg‘ol qilgandi (2:2).

Qolaversa, «MYu»ga qarshi bahs Leo uchun klub futbolining eng nufuzli turniridagi 133-o‘yin bo‘ldi va u «Barsa»ning YeChLdagi gvardiyachilari ro‘yxatida Inestadan o‘zib ketdi. 133ta uchrashuvda 110ta gol muallifi bo‘lgan. Joriy mavsumda esa argentinalik barcha musobaqalar doirasida klubining 42ta o‘yinida qatnashib, 45ta gol urdi.

O‘z navbatida, «Manchester Yunayted» YeChLni chorak finaldan eng ko‘p marta tark etgan klub ekanini qayd etish lozim. «Qizil iblislar» o‘z tarixida 7 marta Chempionlar ligasi chorak finalida kurashni to‘xtatgan.

Mavzuga oid