Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvi 20 aprel kuni qayta moliyalash stavkasini yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qildi.
Markaziy bank matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu qaror pul-kredit siyosatining inflatsiyani jilovlash va inflyatsion kutilmalarning pasayuvchi trendini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan joriy sharoitlarini saqlab qolish zaruriyatiga asoslandi.
Inflatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2019 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, yillik inflatsiya darajasi Markaziy bankning asosiy prognoz koridorining (13,5-15,5 foiz) quyi chegarasida shakllanib, 13,6 foizni tashkil etdi. Bunda, yillik inflatsiya dinamikasi 2018 yilning I choragidan farqli ravishda biroz o‘suvchi tendensiyani namoyish etdi.
Umuman olganda, 2019 yilning I choragida inflatsiya darajasi ayrim oziq-ovqat mahsulotlari taklifi qisqarishi kabi mavsumiy omillar, shuningdek, tartibga solinadigan narxlarning 2018 yil noyabrdagi oshirilishi, kreditlashning yuqori sur'atlari saqlanib qolishi, QQS bazasi kengaytirilishi hamda milliy valutaning nisbatan qadrsizlanishi ta'siri natijasida shakllanib, kutilgan darajadan pastroq bo‘ldi.
Ushbu davrda 2019 yil uchun bazaviy prognozda keltirilgan xatarlarni ro‘yobga chiqish ehtimollari pasayib, ayrim xatarlarning ta'sir darajasi kamaygan bo‘lsa-da, biroq ularning ta'sir muddatlari uzaydi.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatini soliqqa tortish mexanizmining o‘zgarishi hamda 2018 yil noyabr oyida energiya resurslari tariflari oshishi ichki narxlarda to‘liq o‘z aksini topmadi va ushbu jarayon katta ehtimol bilan ma'lum bir vaqt davom etadi.
O‘tgan yillardagi kabi inflatsiyani oshiruvchi asosiy omil oziq-ovqat narxlarining o‘sishi bo‘lib, uning choraklik inflatsiyaga qo‘shgan hissasi 2,8 foiz bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, inflatsiyaga nooziq-ovqat tovarlari narxlarining ta'siri hissasi 1 foiz bandgacha pasaydi, xizmatlar hissasi esa 0,5 foiz bandni tashkil etdi.
2019 yilning I choragida inflatsiya darajasining prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lishi, ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifining o‘sishi, shuningdek, milliy valuta almashuv kursining nisbatan barqarorligi qisqa va o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalarning pasayishiga xizmat qildi.
Xususan, aholi va biznes sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari, yanvar oyidagi o‘sishdan keyin kamayib boruvchi trendni namoyish etdi. Shu bilan birga, o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalar indeksi ko‘rsatkichlari qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarnikiga nisbatan yuqori bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, respondentlar orasida o‘rta muddatli istiqbolda narxlarning o‘sishiga oid xavotirlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiy faollikning ichki va tashqi sharoitlari. 2019 yilning I choragidagi makroiqtisodiy holat Markaziy bankning bazaviy prognozlariga muvofiq tarzda shakllandi. Iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish va investitsion faollik saqlanib qoldi.
Bunday holat, o‘z navbatida kreditlashning yuqori darajada saqlanib qolayotgani hamda aholi va tadbirkorlik sub'yektlari daromadlarining oshib borayotgani bilan birgalikda ichki bozorda ma'lum bir inflyatsion bosimni vujudga keltirdi. Ayni paytda, 2016-2018 yillarda iqtisodiyotda investitsiyalar hajmlarining jadal sur'atlarda ortishi hisobiga iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarining kengayishi narxlar shakllanishiga pasaytiruvchi ta'sir ko‘rsatdi.
Oxirgi ikki yil davomida tuzilmaviy islohotlarning iqtisodiy o‘sishga, jumladan ishlab chiqarish unumdorligi oshishiga qo‘shgan hissasining ortishi kuzatildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu omil soliq islohotlari sharoitida narxlar barqarorligi ta'minlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi.
Ushbu davrda, iqtisodiyotda jamg‘arish kayfiyati saqlanib qoldi va aholi hamda yuridik shaxslarning muddatli depozitlari yuqori sur'atlarda o‘sdi. 2019 yilning I choragida, jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari 19,2 foizga, yuridik shaxslarniki esa 13,2 foizga oshdi.
Pul-kredit sharoitlari. Markaziy bank tomonidan mo‘'tadil qat'iy pul-kredit siyosati yuritilishi va prudensial nazorat choralarining samarali qo‘llanilishi milliy valutada kreditlashning keskin o‘sishining oldini olishga yordam berdi va shu orqali inflatsiyaning monetar omillari ta'sirini kamaytirdi.
2019 yil I choragida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 9 foizga o‘sdi (o‘tgan yilning mos davrida 9,3 foizga o‘sgan). Bunda, milliy valutada kredit qo‘yilmalari o‘sish sur'ati 2018 yilning I choragidagi ko‘rsatkich (16,7 foiz)ga nisbatan qariyb 2 martagacha, ya'ni 8,6 foizgacha sekinlashdi.
Tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarini jalb qilish amaliyotining faollashuvi, shuningdek, eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan texnik va investitsion rivojlanish jarayonlari davom etishi natijasida xorijiy valutadagi kreditlar qoldig‘ining 8,7 foizga oshishi kuzatildi (o‘tgan yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 4,5 foizni tashkil etgan). Bunda, umumiy kredit portfelidagi xorijiy valutadagi kreditlar ulushi 54,5 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotda xorijiy valutadagi qarz yukining o‘sishi, o‘z navbatida, kelgusida tashqi shoklarning moliyaviy barqarorlikka salbiy ta'sirini bartaraf etish maqsadida makroprudensial siyosat choralarini qo‘llash zaruratini tug‘dirmoqda.
Bundan tashqari, texnologiya va uskunalar importining joriy hajmlari o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ishlab chiqarish bazasini kengaytirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi muhim hisoblanadi.
Markaziy bankning ichki valuta bozoriga intervensiyalarining belgilangan miqdorlar doirasida bo‘lishi, davlat qimmatli qog‘ozlarining ichki bozorga muvaffaqiyatli joylashtirilishi, shuningdek, Markaziy bankning depozit auksionlari o‘tkazilishi bank tizimidagi ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish imkonini berib, iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ldi.
Ushbu davrda, banklararo pul bozorining foiz stavkalari nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 14,6-14,7 foizni tashkil etdi.
Prognoz va asosiy xatarlar. Markaziy bank 2019 yil uchun inflatsiyaning bazaviy prognozini 13,5-15,5 foizlik darajada saqlab qoladi.
2019 yilning II va III choraklarida o‘rtacha oylik inflatsiya darajasi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar doirasida bo‘lib, yillik inflatsiya darajasining sezilarli darajada pasayishi kutilmayapti.
Shu bilan birga, o‘tgan yilning IV choragidagi inflatsiyaning yuqori bazasi va joriy iqtisodiy holatlardan kelib chiqib 2019 yilning IV choragida yillik inflatsiya darajasining pasayishi kutilmoqda. Yil yakunida inflatsiya darajasi quyidagi xatarlarning amalga oshish ehtimolligidan kelib chiqib prognoz koridorining quyi chegarasida bo‘ladi:
- joriy yilda ma'muriy tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish siyosatining davom ettirilishi kutilayotgani bilan birga, 2018 yilning noyabr oyidagi narxlar oshirilishining ikkilamchi ta'siri;
- tadbirkorlik uchun bazaviy iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishi (masalan, alohida ishlab chiqaruvchilar guruhlarining energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlaridagi o‘zgarishlar);
- xizmatlar, jumladan, kommunal xizmatlar tariflarining indeksatsiyasi;
- investitsion talabning, jumladan, qurilish mollariga bo‘lgan talabning oshishi.
Inflatsiya darajasining pasayishi bo‘yicha qat'iy ishonch shakllangan sharoitda Markaziy bank 2019 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha inflatsiya prognozini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Qayta moliyalash stavkasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2019 yilning 20 iyuliga mo‘ljallangan.
Mavzuga oid
17:46 / 26.12.2024
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60 mlrd dollardan oshdi
19:05 / 25.12.2024
Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonga kirishni nega rad etayotgani ma’lum bo‘ldi
11:21 / 25.12.2024
Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘ldi
19:16 / 12.12.2024