O‘zbekiston | 15:55 / 25.04.2019
20664
3 daqiqa o‘qiladi

Kristin Lagard O‘zbekistonga kelib, Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lmoqchi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 aprel kuni «Dyaoyuytay» qarorgohida Xalqaro valuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda

Davlat rahbari XVJ bilan keyingi yillarda jadal va tizimli tus olgan hamkorlik darajasidan mamnunligini bildirdi. 

Kristin Lagard Xalqaro valuta jamg‘armasi kompleks iqtisodiy va tarkibiy yangilanishlarni amalga oshirish jarayonida O‘zbekistonga zarur barcha yordamni ko‘rsatishni davom ettirishga qat'iy intilishini ta'kidladi.

XVJ O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatga doir,  jumladan, aholi turmush darajasini izchil yaxshilashga xizmat qiladigan aniq choralarni ishlab chiqishda texnik ko‘mak sohalarini faol kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘z tahlillariga tayangan holda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti holatini ijobiy baholamoqda. Xususan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishi joriy yilda 5,5 foiz, keyinchalik esa 6 foizga yetishi kutilmoqda. 

Jamg‘arma ekspertlarining fikricha, O‘zbekiston muhim islohotlarning ilk bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, shu jumladan, valuta muomalasi liberallashtirildi, soliq tizimi isloh qilindi va davlat statistikasi tizimi tubdan yaxshilandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikning joriy masalalari ko‘rib chiqildi, uning samaradorligiga yuksak baho berildi. 

Jamg‘armaning texnik ko‘magi tufayli yangi soliq siyosati va ma'muriyatchiligi konsepsiyasi ishlab chiqilib joriy etilgani, «Markaziy bank va valutani tartibga solish to‘g‘risida» qonunning yangi tahriri loyihasi tayyorlangani, O‘zbekiston Davlat budjeti ilk bor o‘rta muddatli asosda ishlab chiqilgani, mamlakatimiz XVJ statistika ma'lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo‘shilgani ijobiy baholandi. 

Prezident va XVJ boshqaruvchi direktori faol hamkorlikni, avvalo, pul-kredit siyosati, bank tizimi, soliq-budjet siyosati, to‘lov balansini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish sohalarida davom ettirishga kelishib olishdi. 

Kristin Lagard O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini mazmunli muhokama uchun minnatdorlik bildirdi hamda XVJ boshqaruvchi direktorining 2019 yil iyun oyiga mo‘ljallangan tashrifi davomida muloqotni davom ettirishga umid bildirdi. 

«Siz O‘zbekiston aholisi farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman», - dedi Kristin Lagard.

Mavzuga oid