Jahon | 23:04 / 26.04.2019
12063
2 daqiqa o‘qiladi

Akixito Yaponiya imperatori sifatida oxirgi marta omma oldida ko‘rinish berdi

Foto: Reuters

Yaponiya imperatori Akixito taxtdan voz kechish oldidan rafiqasi Mitiko bilan oxirgi marta imperator sifatida omma oldida ko‘rinish berdi. Ular atrof-muhit himoyachilari va tabiatni o‘rganishda katta yutuqlarga erishgan olimlarni taqdirlash marosimida ishtirok etishdi.

30 aprelda Akixitoning taxtdan voz kechishi rasmiy marosimi bo‘lib o‘tadi. Bungacha 85 yoshli imperator o‘zining Tokio markazidagi saroy majmuasida dam oladi. Akixitoning taxtdan voz kechish marosimida hukumat, parlament va oliy sud vakillari ishtirok etadi. Shuningdek, mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe ishtiroki kutilmoqda.

Taxtni Akixitoning to‘ng‘ich o‘g‘li – 59 yoshli valiahd shahzoda Naruxito egallaydi. Yangi imperatorning taxtga o‘tirishi tantanali marosimi 1 may kuni Tokioda bo‘lib o‘tadi.

Imperatorning taxtdan voz kechishi oxirgi 200 yil ichidagi birinchisi bo‘ladi. Oxirgi marta bunday voqea 1817 yilda yuz bergan. Shundan keyin taxt yangi imperatorga avvalgisining o‘limidan keyingina o‘tib kelgan. Biroq Akixitoning yoshi keksaligi inobatga olinib, unga istisno tariqasida maxsus qonun bilan taxtdan voz kechishga ruxsat berildi.

Akixito Yaponiyaning 125-imperatori hisoblanib, u taxtni 1989 yilda otasi imperator Xiroxito vafotidan keyin egallagan.

Mavzuga oid