Jamiyat | 22:19 / 26.04.2019
4695
3 daqiqa o‘qiladi

Imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus sayohatlar tashkil qilish taklif etildi

Yoshlarning turizm yo‘nalishidagi biznes startaplarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eng samarali biznes-loyihalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Kun.uz muxbiri 26 aprel kuni Milliy matbuot markazida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbir doirasida shu haqida xabar berdi. 

Tadbirda ma'lum qilinishicha, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga umumiy hisobda 600 million so‘m ajratilgan bo‘lib, tanlov g‘olibi bo‘lgan uch loyiha tasdiqlanish arafasida turibdi. Ularning har birini hayotga tatbiq qilish uchun Qo‘mita vakillari 3 nafar g‘olibni 50 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlashdi. 

G‘oliblarga mukofot puli va sovg‘alarni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev topshirdi. 

G‘oliblardan birining "Enjoy time" loyihasi sohada event-management joriy qilish, imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus sayohat dasturlarini tashkil etish, surdogid ekskursovodlar bilan aloqa o‘rnatishga yordam berish va O‘zbekistonga sayohat qilayotgan turistlarni imkon qadar ko‘proq vaqt mamlakatda olib qolish hamda shu tariqa davlatga ko‘proq daromad keltirishga qaratilganligi bilan ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. 

Qolgan ikki loyiha "Ko‘ring va keling" hamda "Trip to Khorezm" Xorazm viloyati turistik salohiyatini oshirishga va u yerga ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan. 

Tanlov loyihalarining bari xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etishga qaratilgan. Unda qatnashish istagini bildirgan fuqarolar 2018 yilning dekabr oyida tanlov talablari asosida zarur hujjat va biznes loyihalarini Qo‘mitaga taqdim etishgan. 

Turizm sohasidagi eng samarali biznes-loyihalar tanlovga yuborilgan arizalar 2019 yilning yanvar-aprel oylari davomida ikki bosqichda maxsus komissiya a'zolari tomonidan aniqlandi. Komissiya Qo‘mita va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat. 

G‘oliblarga o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun Qo‘mita tomonidan tegishli shartlar asosida eng kam ish haqining 250 (ikki yuz ellik) barobarigacha bo‘lgan miqdorda pul mukofotlari ajratiladi.

Shuningdek, loyiha samaradorligini ta'minlash maqsadida tanlov g‘oliblari O‘zbekiston-Yaponiya markazi va Qo‘mita tomonidan tashkil etiladigan turizm sohasida biznes yuritish va boshqarish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Qo‘mita vakillari turizm sohasidagi yoshlarning startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini ta'kidlashdi. 

Mavzuga oid