Sport | 18:24 / 29.04.2019
8400
3 daqiqa o‘qiladi

Belsa yil feyr-pleyiga aylangan holatga izoh berdi

Foto: AFP/Getty Images

«Lids Yunayted» bosh murabbiyi Marselo Belsa Chempionshipning 45-turida «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda (1:1) shogirdlaridan halol o‘ynashni talab qilgani bilan bog‘liq holatga izoh berdi.

«Biz shunchaki raqibga javob golini urishga imkon berdik. Hammasini o‘zingiz ko‘rdingiz. Ingliz futboli o‘zining sportcha xarakteri va halolligi bilan tanilgan. Shunday ekan, ushbu vaziyatga qandaydir izoh berib o‘tirishim shart emas. Bunday holatlar Angliyada tez-tez bo‘lib turadi», – degan Belsaning so‘zlarini keltirmoqda Sky Spors.

Eslatib o‘tamiz, ikkinchi bo‘limda «Lids» futbolchilari bahsli vaziyatda hisobni ochishgandi: maydon markazida «Aston Villa» futbolchisi jarohat olib maydonga yiqilgach, mehmonlar to‘p maydondan chiqarib yuborilishini kutib qolishdi va feyr-pleyga amal qilmagan raqib hujumini to‘xtatishga kechikishdi. Bu hujum esa Mateush Klixning goli bilan yakunlandi.

Bu vaqtda o‘yinning 72-daqiqasi o‘tib borayotgandi. Mehmonlar bu holatdan keyin keskin norozilik bildirishdi va Klixga tashlanishdi. Bu tartibsizlik yakunida o‘yin bosh hakami «Aston Villa» hujumchisi Anvar Al-G‘oziyga qizil kartochka ko‘rsatdi.

Bu epizoddan keyin «Lids» bosh murabbiyi Marselo Belsa o‘z futbolchilariga darvozani raqibga ochib qo‘yish va ular emin-erkin hisobni tenglashtirish imkonini berishni buyurdi.

To‘p maydon markazidan o‘yinga kiritilgach, mezbonlar turgan joyidan qimirlamadi, faqat himoyachi Yanssen murabbiy qaroriga bo‘ysunishni istamadi va oxirgi soniyalargacha jamoasi darvozasi ishg‘ol etilishiga qarshilik ko‘rsatdi. Ammo Adoma hisobni tenglashtirishni uddasidan chiqdi.

Qayd etish kerakki, bu o‘yindagi g‘alaba «Lids» uchun o‘ta zarur edi va 3 ochko qo‘lga kiritilgan taqdirda jamoa oxirgi tur oldidan 85 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rindagi «Sheffild Yunayted» (88 ochko) bilan APLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun raqobatni saqlab qolardi. Ammo Belsa APL yo‘llanmasidan halol o‘yinni ustun ko‘rdi.

Mavzuga oid