O‘zbekiston | 17:41 / 29.04.2019
50680
4 daqiqa o‘qiladi

Zokirjon Almatov: haydovchilardan pul talab qilish YHXX xodimi uchun pastkashlik

Bugun, 29 aprel kuni IIV Madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatovning Toshkent shahar IIBB yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbir davomida general Almatov faqat YHXX sohasida so‘zlamay, umuman ichki ishlar tizimidagi bir qator masalalarga to‘xtalib o‘tdi va shunday dedi:

– Xalqimizning, prezidentimizning ichki ishlar xodimlaridan umidlari katta va bu umidni oqlashimiz shart. Mustaqillikka endigina erishgan yillarimizda juda murakkab davrlarni boshdan kechirganmiz. Oziq-ovqat tanqisligi yetishmovchiliklar bo‘lib turgan bir paytda uyushgan jinoyatchilik kuchayib ketgandi. Har kuni o‘n beshtalab qotilliklar, yuzlab talonchilik, zo‘ravonliklar qayd etilardi. Jinoyatchilikni jilovlash uchun ko‘p sa'y-harakatlar qilindi, bu yo‘lda ko‘plab xodimlarimiz o‘z jonlarini qurbon qilishdi.

O‘sha paytlarda diniy erkinlik berilganidan foydalanib turli oqimlar ham paydo bo‘ldi. Esimda, Toshkent viloyatilik bir yigit shunday oqimlarga qo‘shilib ketgani, o‘z vataniga qarshi harakatlar amalga oshirgani uchun uning ota-onasi mahalla-kuyda bosh ko‘tara olmay qolishgan va o‘g‘illariga qaytishni va kechirim so‘rashni so‘rab xat qoldirib, birgalikda o‘zlarini osishgan. Bilasizmi bu qanday og‘ir? Axir shu mahalla faollari, profilaktika inspektori shunday holatning oldini olishi mumkinmidi?!

Yana o‘sha davrlarda siyosiy erkinlikni niqob qilgan guruhlar paydo bo‘lishdi va partiyalar tuzishib, odamlarni mitingga chorlay boshlashdi. Bularning hammasi ortida konkret siyosiy kuchlar turardi va ularning harakatlari tufayli fuqarolik urushi kelib chiqish xavfi bor edi. Esingizda bo‘lsa, Tojikistonda ana shunday urush chiqqandi. O‘zim shaxsan guvoh bo‘lgan holat haligacha yodimdan chiqmaydi – Tojikistonning bizga qo‘shni bo‘lgan viloyatlaridan biridagi quduqdan yetmishdan ortiq kishining jasadi olib chiqilgan, ular orasida keksalar, bolalar ham bor edi...

Bu yerda YHXX xodimlari o‘tirishibdi, lekin umumiy vazifamiz bitta – xalqimiz osoyishtaligini saqlash. Albatta, ishingiz qiyin, maoshingiz balki yetarli emasdir. Lekin hech qachon poraxo‘rlikka berilmang. Sizlarning orangizdan kimdir yo‘l to‘sib, pora talab qilishi – pastkashlik. Sizlarni beobro‘ qilishga harakatlar bo‘lmoqda, videoga tushirib internetlarga chiqarilmoqda, ataylab pul tashlab qo‘yishga urinishlar qayd etilgan. Bularga qarshi kurashiladi, yaqindan boshlab har biringizda bodi-kameralar bo‘ladi va bu sizlarning ijtimoiy himoyangizga xizmat qiladi. Shuningdek maoshlaringizni oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ammo pora olish kechirilmaydi va bu juda uyat!

Tadbir yakunida mehnat faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan shaxsiy tarkibning bir qator xodimlari vazirlikning tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.

 

Mavzuga oid