O‘zbekiston | 18:49 / 30.04.2019
13070
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi: «Yangi Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksi ishlab chiqilmoqda»

30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va jurnalistlar o‘rtasida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov bugungi kunda olib borilayotgan ishlar haqida yig‘ilganlarga ma'lumot berdi.

«Sohada kundan-kunga ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Avvalari, Oliy sudga jurnalistni qo‘ying, advokatlar ham yaqin kela olmasdi. Advokatlar hozir sudga noutbuklarini olib kirishi mumkin. Hozirda vaziyat o‘zgardi. Biz o‘z saytimizda onlayn sud protsesslarini yo‘lga qo‘ydik. Agar tomonlar rozi bo‘lsa, har qanday sud majlisini internet orqali kuzatish mumkin. Hozirda bu amaliyot respublikamizning 12ta tumanida yo‘lga qo‘yilgan. Bunday jarayon hozirgacha 26ta sudda tashkil qilindi. Yil oxirigacha bu raqamni 130taga chiqaramiz. Shuningdek, shaffoflikni ta'minlash va odil sudlov tizimini kuchaytirish maqsadida sayyor sudlar ko‘paytiriladi. Bu bo‘yicha prezidentimizning ko‘rsatmalari mavjud. Unga ko‘ra, ko‘riladigan ishlarning 30 foizi sayyor sudlar bo‘ladi.

O‘rganishlarimiz natijasida joylarda sudlarimiz ta'minoti havas qilsa arzigulik emasligi aniqlandi. 45-50 foiz ta'minoti qilingan ekan. Bu masalaga alohida etibor qaratamiz. Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti rahbarining maqomi ham shu sababli Oliy sud muovini bilan tenglashtirilgan. Shuningdek, ma'muriy va iqtisodiy sudlarimizda xizmat mashinalari muammosi mavjud edi. Prezidentimizga rahmat. Shuni yo‘lga qo‘yib berdi.

Ma'muriy sudlar tashkil etilgani ko‘plab sohalarda o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan yil hisobida 22052ta ommaviy-huquqiy munosabatlarga taalluqli ishlar ko‘rib chiqilgan. Bunday ishlarda davlat organi va fuqaro, yuridik shaxslar o‘rtasidagi ishlar ko‘rib chiqiladi. Shundan 17000tasida fuqaro yutgan. Fuqarolik ishlar ancha kamaydi. Chunki, ba'zi davlat idoralari to‘g‘ri ishlashni o‘rganishdi.

Biz «Mening mahallam, mening sudyam» loyihasini yo‘lga qo‘yganmiz. Har bir mahallaga biriktirilgan sudyalar bo‘ladi. Lekin muammolarni ko‘rsatib, sudyadan ko‘mak so‘raydigan mahalla raislari sust ishlamoqda. Sayyor sudlarda ko‘plab oilaviy nizolar bo‘yicha ishlarni ko‘rganimizda ozroq tushuntirish olib borsak o‘sha joyning o‘zida yarashib ketayotgan oilalar ko‘p bo‘lmoqda. Bizning buyurtmamiz asosida tayyorlangan «Farzand-omonat» nomli film mavjud. Sayyor qabullarda shu filmni qo‘yib berganimizda yarashib ketgan oilalar bo‘lgan.

Sudlarimiz binolari bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, 4ta sud 1ta binoga jamlanishi bo‘yicha reja qilganmiz. Har bir viloyatda sudlarimizning matbuot vakili lavozimi joriy etiladi. Shu bilan birga, «Jurnalistning Oliy sudda bir kuni» loyihasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu loyihada masalan, sudyalardan intervyular olish mumkin.

Hozirgi kunda olib borilayotgan ishlardan misol tariqasida, elektron ijro varaqalarini ishlab chiqyapmiz. O‘rta hisobda 1,5 milliondan 2 milliongacha ijro varaqalari qo‘lda olib boriladi. Bu birmuncha noqulayliklarni keltirib chiqaradi. 1 oktyabrgacha ishlar yakunlanib, 100 foiz ijro varaqalari elektron shaklga o‘tadi. Endi ijrochilar «bizga yetib kelmadi» qabilida bahona qila olmaydi.

Shuningdek, yangi Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksi tuzib chiqyapmiz.

Ayni shu vaqtda BMT bilan hamkorlikda tayyorlangan loyiha mavjud. Butun dunyodan 285ta loyihadan 30tasi finalga chiqqan, shu qatorda bizning loyiha ham. Ochig‘ini aytish kerak, hamkorlik uchun ko‘plab davlatlar vakillari bizni o‘z davlatlariga chorlamoqda. Yaqinda turklarning 45 kishilik delegatsiyasi keladi», deya Oliy sud raisi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid