O‘zbekiston | 13:16 / 04.05.2019
11731
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror o‘z vaqtida ijro etilmayotgan sud qarorlari bo‘yicha ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuror Otabek Murodov sud qarorlari o‘z vaqtida bajarilmayotganligi yuzasidan yo‘llangan fuqarolarning murojaatlari va ularni qanoatlantirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Bu haqda u Senatning 19-yalpi majlisida bergan hisobotida ta'kidlagan.

«2016 yilda 2 mln. 396 mingta sud qarorlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qanoatlantirildi. Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandan keyin esa 3 millionta murojaat ijobiy hal yetildi. 2016 yilda sud qarorlari bo‘yicha 11 trln.so‘m undirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili 16 trln. so‘mni tashkil etdi. Sud qarorlari o‘z vaqtida bajarilmaganligi yuzasidan 123 ming 655 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 61 foizi (75 ming 664 ta) hal qilingan. 2019 yilning dastlabki 3 oyida 31 mingta murojaatdan 19 mingtasi (62 foizi) aliment undiruvi bilan bog‘liq».

Ma'lum qilinishicha, masalani hal qilish uchun dastlabki chorakda aliment bo‘yicha 113 mingta murojaat taraflar bilan suhbat o‘tkazish tarzida ko‘rib chiqildi. Shuning natijasida, 4 ming 586 ta oila yarashtirildi va ijro hujjati bekor qilindi. 

«Bundan xulosa qilinadiki, shu yo‘nalishda ham tizimli ishlarni davom ettirish lozim. 2019 yilning birinchi choragida aliment undiruvi bilan bog‘liq 24 mingta (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 baravar ko‘p) ijro hujjatlari tamomlandi», - deya qo‘shimcha qildi Murodov.

Shuningdek, Bosh prokuror murojaatlarni ko‘rib chiqishda elektron tizim joriy etilganini aytib o‘tdi. Bunda ularni kategoriyalash mumkin bo‘ladi va sababini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid