Suv toshqinlari vaqtida Qamashidagi ko‘prik buzildi. Tabiiy ofat oqibatlariga qarshi qanday choralar ko‘rildi?
Bu yil bahor fasli seryog‘in kelishi aholi uchun qator noqulayliklar tug‘dirdi. Respublikaning barcha viloyatlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi natijasida suv toshqinlari va sel kelishi kuzatildi.
Ushbu holatlar ayrim hududlarda talofatlarga ham olib keldi. Ko‘priklar buzildi, aholi xonadonlari yaroqsiz ahvolga keldi.
Bu kabi talofatlar Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini ham chetlab o‘tmadi. Kuchli yomg‘irlar va sel kelishi oqibatida ko‘priklar vayron bo‘ldi.
Kun.uz tahririyatiga ushbu tumanning «Elobod» mahallasi, Katta arab qishlog‘i aholisi ularning hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan ko‘prik vayron bo‘lgani, o‘quvchilarning maktabga qatnash yo‘li ham uzilib qolgani haqida xabar berishdi.
Ushbu holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga bordik va mavjud holatni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham mahalla aholisining asosiy qatnov yo‘li va qishloq o‘rtasidagi ko‘prik butunlay vayron bo‘lgan. Yer o‘pirilishi oqibatida hosil bo‘lgan jarliklar aholi xonadonlarigacha yetib borgan.
Albatta, bu tabiiy ofat. Kimningdir aybi bilan vujudga kelmagan. Ammo bu borada tezroq zarur choralar ko‘rilmasa, aholi uchun xavf tug‘dirayotgan holatlar vaqtida bartaraf etilmasa, talofat ko‘lami yanada kengayishi mumkin.
Ko‘rilayotgan zarur chora-tadbirlar yuzasidan izoh olish uchun Qamashi tumani hokimligida bo‘ldik va tuman hokimining qurilish ishlariga mas'ul o‘rinbosari Qurbon Haydarov bilan suhbatlashdik.
«Tumanimizdagi uchta ko‘prik sel kelishi natijasida vayron bo‘ldi. Ayni vaqtda ikkita ko‘prikni tiklash ishlari olib borilmoqda. Uchinchisi esa siz borib ko‘rgan «Elobod» mahallasidagi ko‘prik. Uni ham tez orada tiklaymiz. Ayrim fuqarolar xavfli hududga, sel yo‘liga noqonuniy ravishda uy qurib olishgan. Albatta, bu borada ham favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas'ul xodimi va tegishli tashkilotlar vakillari bilan birgalikda zarur choralarni ko‘ramiz», – deydi Qurbon Haydarov.
Mazkur vaziyat yuzasidan tumanda mas'ul bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi bilan uchrashishning imkoni bo‘lmadi - u chekka hududlarga xizmat safari bilan ketgan ekan.
Qamashi tumani hokimligi mutasaddilari biz bilan suhbatda ushbu mahalladagi ko‘prikni tiklash ishlari ikki-uch kunda boshlanishini bildirishgandi. Maqolani tayyorlash vaqtida ushbu holat yuzasidan tuman hokimligining qurilish masalalari bo‘yicha mutaxassisi bilan bog‘landik.
Mutasaddi ushbu ko‘prikdan 70-80 metr uzoqroqda aholi uchun boshqa ko‘prik qurib berilganini bildirdi va tahririyatga fotosuratlarni taqdim etdi.
Albatta, ko‘prik tez fursatda qurib berilganini ijobiy holat sifatida e'tirof etish kerak, ammo o‘pirilgan yo‘l qatnov uchun xavfliligicha qolmoqda, jarlik ustidagi xonadonlardagi aholi ham xavfli sharoitlarda yashamoqda. Bunday oqibatlarni bartaraf etish ustida esa tuman hokimligidan yuqoriroq tashkilotlar bosh qotirishi kerak, nazdimizda.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
18:04 / 06.11.2024
Taxtiqoracha dovonida Cobalt’ni tosh bosib qoldi. Qurbonlar bor
18:06 / 17.10.2024
Qashqadaryoda sudya yordamchisi o‘zini ishdan bo‘shatgan sud raisi ustidan shu sudga da’vo kiritdi
13:07 / 09.07.2024
Qashqadaryoda mast haydovchi YHX inspektorini pichoqlab qochdi. Inspektor vafot etgan
14:03 / 11.06.2024