O‘zbekiston | 09:50 / 07.05.2019
48566
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda Hyundai Ioniq va Hyundai Kona elektromobillari ishlab chiqarilishi mumkin

Foto: International Business Times

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahridagi Listem-Fergana qo‘shma korxonasiga tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan e'tiborga molik loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, Hyundai bilan hamkorlikda «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasida elektromobillar ishlab chiqarish, Vodil ko‘mir konida ko‘mir qazib chiqarish, toshdan ekologik toza qog‘oz ishlab chiqarishga (bunisi elektromobildan ham qiziq) oid rejalar, «Farg‘onaazot» va «Qo‘qonsuperfosfat»ni modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalar muhokama qilingan.

Prezident loyihalarni ma'qullab, ularni amalga oshirishda sifat va muddatga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidlagan.

«O‘zbekiston 24» telekanalining ushbu tashrifga bag‘ishlangan dasturida loyihaning ayrim tafsilotlari bo‘yicha ma'lumot berildi.

Telekanal lavhalarida Hyundai Ioniq xetchbeki va Hyundai Kona krossoverlari ko‘rsatildi. Zamonaviy elektromobillar ishlab chiqarish va ular uchun infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan loyihaga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Hyundai Motor va Evergreen Motors kompaniyalari hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida amalga oshiriladi. Loyihaga ko‘ra, 2021 yilda zavod qurilishini boshlash, 2023 yildan esa O‘zbekistonda seriyali elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

«Qo‘qon» EIZ hududidagi ushbu loyihaning umumiy qiymati 300 million dollarga baholangan, loyiha doirasida elektromobillar ishlab chiqarilishidan tashqari, ular uchun zarur infratuzilma (masalan, elektromobillarni quvvatlantirish tarmoqlari) ham tashkil etiladi. Yaratiladigan ish o‘rinlari soni- 1000 kishi, ishlab chiqarish quvvati - 10 mingta elektrda harakatlanuvchi avtomobil.

Ma'lumot uchun, 2016 yildan beri ishlab chiqarilayotgan Ioniq elektrokari bir marta to‘liq quvvatlantirilganidan so‘ng 280 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.

Hyundai Ioniq
Foto: International Business Times

Elektrda yuradigan versiyasi 2018 yildan beri yig‘ila boshlagan Hyundai Kona esa bitta to‘liq quvvatda 470 kilometrgacha yo‘l bosa oladi.

Hyundai Kona
Foto: International Business Times

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreyaning Hyundai Motor va Evergreen Motors kompaniyalari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida tijorat avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaruvchi avtozavod qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Rejaga ko‘ra, zavodda ilk mahsulotlar 2019 yil sentyabrida tayyor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid