Jamiyat | 21:40 / 08.05.2019
28673
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank «Davr bank» va uning rahbariyatiga jiddiy sanksiyalar qo‘llashga tayyor. Bu bankning ikki xodimi qo‘lga olingan 

Markaziy bank «Davr bank» XATB Uchtepa filiali xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan e'tirozlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma'lumot berdi. 

«Joriy yilning 7 may kuni Markaziy bank Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari «Davr bank» XATB xodimlari ustidan bank depozitiga qo‘yilgan pul mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilgani bilan bog‘liq masalalar yuzasidan shikoyat qilgan bir guruh fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘z navbatida, shikoyat qilgan mijozlarning bank tomonidan huquqlari buzilgani to‘g‘risidagi murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi va shu kunning o‘zida shikoyat xatida ko‘tarilgan masalalarga aniqlik kiritish uchun «Davr bank» XATB rahbarlari Markaziy bankka taklif etildi.

Markaziy bank tijorat banklari nomidan bank xodimlari tomonidan amalga oshirilgan har qanday xatti-harakatlar uchun bank to‘liq javobgar deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, «Davr bank» XATBga qisqa muddatda bank tomonidan mijozlarga yetkazilgan zararlarni keyinchalik aybdor xodimlardan regress huquqida talab qilish asosida qoplab berish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Bank tomonidan jabrlangan mijozlarning masalalarini hal qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagan taqdirda, Markaziy bank tomonidan bankning ayrim operatsiyalarini to‘xtatishgacha bo‘lgan qat'iy choralar qo‘llaniladi.

Markaziy bank ushbu masalaga «Davr bank» XATB rahbariyatining e'tiborsizligi, shu jumladan, filial mansabdor shaxslarining fuqarolarga qo‘yayotgan «jinoyat sodir etishga ularning o‘zlari sharoit yaratgan» kabi ayblovlarini noo‘rin deb hisoblaydi va bu holatlar bank aksiyadorlaridan bank rahbarlarini almashtirishni talab qilishga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etadi.

Markaziy bank mazkur masala to‘liq bartaraf etilmagunga qadar amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishini ma'lum qiladi», deyilgan Markaziy bank bayonotida.

Bundan avvalroq «Davr bank» xodimlari ko‘plab millionli o‘g‘irlikda ayblanib qo‘lga olingani to‘g‘risida e'lon qilingan maqola ortidan Toshkent IIBB matbuot xizmati ushbu masala yuzasidan ma'lumot bergandi. Unda ichki ishlar organiga Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqarodan ariza kelib tushgani, u o‘z arizasida shu yilning 9 aprelida «Davr bank»ning Uchtepa filialiga ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgani va dastlabki to‘lov sifatida 75 mln so‘m to‘laganini, ammo bu mablag‘ quruvchi tashkilot hisobiga tushmaganini bildirgani, keyinroq ichki ishlar organlariga shu mazmundagi arizalar bilan yana 20 kishi murojaat qilgani aytilgandi.

Ularning barchasi kredit olish yoki bankda shaxsiy hisob raqami ochish masalalari bo‘yicha murojaat qilishgan. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB FMB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (Firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanib «Davr bank» Uchtepa filialining ikki xodimi qo‘lga olingan.

1 may kuni ularga ayblov e'lon qilingan va o‘sha kunning o‘zida ayblanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan hibsga olish ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi qo‘llash ajrimi chiqarilgan. 

Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid