Iqtisodiyot | 16:05 / 08.05.2019
7230
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTB ko‘magida lokomotivlar parkini yangilaydi

Foto: Getty Images

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Lokomotivlar parkini lokomotivlarni sotib olish yo‘li bilan yangilash” investitsion loyihasini realizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha:

2019 yilda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Direktorlar kengashi O‘zbekiston Respublikasiga temir yo‘llar samaradorligini oshirish bo‘yicha “Lokomotivlar parkini lokomotivlarni sotib olish yo‘li bilan yangilash” investitsion loyihasi doirasida, uning realizatsiyasi uchun, OTBning odatdagi resurslari hisobidan 25 yil so‘ndirish muddati bilan, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr ham, 170,0 mln. AQSh dollari miqdorida qarz taqdim etishni ma'qulladi;
  
loyihani realizatsiya qilish davri - 2019 - 2021 yy.;

O‘zbekiston Respublikasiga OTB qarzi O‘zbekiston Respublikasi bilan OTB o‘rtasidagi qarz kelishuviga asosan taqdim etiladi;

O‘zbekiston Respublikasining loyihani realizatsiya qilishga qo‘shadigan hissasi 56,14 mln. AQSh dollari ekvivalentini tashkil etadi, shu jumladan 45,06 mln. AQSh dollari soliq va bojxona imtiyozlari ko‘rinishida taqdim etishdan, shuningdek, 11,08 mln. AQSh dollari ekvivalentidagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘z mablag‘laridan iborat;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 16 iyuldagi PQ-3857-sonli qaroriga muvofiq,  xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar va transport vositalari bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlari bundan mustasno), qo‘shilgan qiymat solig‘i, davlat maqsadli jamg‘armalariga yig‘imlar to‘lashdan, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lmagan yuridik shaxslar, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lmagan jismoniy shaxslar, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qarzdan maqsadli va samarali foydalanish hamda loyihani realizatsiya qilish uchun ijroiya organi va javobgar hisoblanadi;

OTB qarzini so‘ndirish, shuningdek, foizlar, komissiyalar va boshqa sarflarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

Quyidagi vakolatlar beriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriga – O‘zbekiston Respublikasi nomidan OTB bilan qarz kelishuvini, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan qayta kreditlash kelishuvini imzolash;

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchiga – OTB bilan loyihaviy kelishuvni imzolash.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan OTB o‘rtasidagi qarz kelishuvi bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda yuridik xulosa beriladi. 

Mavzuga oid