Sport | 04:00 / 08.05.2019
47134
7 daqiqa o‘qiladi

«Vest Barselona Albion». «Liverpul»ning buyuk g‘alabasi haqida

To‘rt yil oldin, Yurgen Klopp «Liverpul»ga kelgan ilk oylar edi. Adashmasam, dekabr oylarida jamoa o‘z maydonida «Vest Bromvich»ni qabul qildi va 2:2 hisobida durang o‘ynadi. «Vest Bromvich» bilan. Mezbonlar o‘yinning oxirgi daqiqalarida hisobni tenglashtirib, mag‘lubiyatdan zo‘rg‘a qutulib qoldilar. «Vest Bromvich» bilan. 

O‘yin tugagach, Klopp shogirdlarini yig‘di va ularni ashaddiy muxlislar o‘tiradigan sektorga olib bordi. Barcha futbolchilar bir-birlarining qo‘llarini ushlab, osmonga qaratib, durangni nishonlay boshladilar. «Vest Bromvich» bilan durangni. 

Internet tarmog‘ida memlarga sabab bo‘lib ketgan bu sahna, ochig‘i, menga ham juda erish tuyilgandi. Faqat menga emas. Qiziqda, Angliyaning eng sovrindor klublaridan biri shu darajada tushdimiki, «Vest Bromvich» bilan durangni shunaqa nishonlasa? Jamoani yuqori saviyaga olib kelishi kerak bo‘lgan bu nemis g‘irt masxaraboz ekan-ku?  

O‘sha voqeadan so‘ng qancha daryolar oqib ketdi. Bir necha oy o‘tib, «Liverpul» o‘z maydonida «Borussiya»dan 1:3 hisobida ortda borib, g‘alaba qozonib ketgan o‘yinni ham ko‘rdik.

Nazarimda, o‘sha ilk durangda Kloppga raqibning yoki o‘sha bir ochkoning umuman ahamiyati bo‘lmagan. Ahamiyatlisi, shogirdlarini kurashga o‘rgatish, qarshisida kimligining ahamiyati yo‘q bir raqib va qanchalik qiyinligini ahamiyati yo‘q bir vazifa turganda, qanchaligi ahamiyati yo‘q vaqt va imkon bor ekan, oxirigacha harakat qilish kerakligini tushuntirmoqchi bo‘lgandi.

Aslida mana shunday qiyin vazifalar bajarilganda qanchalik zavqli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgandi shogirdlariga. 

Va mana, bugungi o‘yin...

Men Yurgen Klopp ajoyib taktika o‘ylab topib, o‘yinda burilish yasab, «Barselona» ustidan g‘alaba qozonganiga ishonmayman. Uchrashuvda dubllar qayd etgan ikki futbolchi agar ba'zi o‘yinchilar jarohat olishmaganda, umuman maydonga tushishmasdi ham balki. Klopp bu o‘yinga ataylab qandaydir o‘ziga xos tarkib tanlamadi, baxtga qarshi, balki uning baxtiga, boshqa iloji ham yo‘q edi, qo‘l ostida mavjud bo‘lgan bor futbolchilardan foydalandi, xolos.

Xo‘sh, nimaning hisobiga «Barselona»dan ustun bo‘lish mumkin? Tarkib? Yo‘q, buni aytdim. Jismoniy tayyorgarlik? «Liverpul» uch kungina oldin «Nyukasl»da og‘ir uchrashuv o‘tkazdi va to‘qson to‘rtinchi ochkosini oldi, «Barselona» esa, allaqachon Ispaniyani zabt etgan va futbolchilar navbati bilan dam olib, ancha yaxshiroq sport formasida kelgandilar. Ssenariy? Ha, tezkor gol urildi, ammo aynan «Liverpul» eng muhim futbolchisi Robersonni birinchi bo‘lim oxirlarida yo‘qotgan, Henderson ham qiyin holatda o‘yinni davom ettirayotgandi. Muxlislar? Ha, balkim. 

Lekin o‘yinni Klopp o‘sha ilk kunlardan jamoaga singdirishga harakat qilgan va isbotini ko‘rganimizdek, buni uddalagan faktor raqibni tiz cho‘ktirdi. Xarakter. Ruhiyat. 

«Kelganimda «Liverpul» «uyqudagi gigant» ekanini tushungandim. Ularning kayfiyati yaxshi edi, ammo zo‘r emasdi. Murabbiy o‘zgardimi, demak undan oldin nimadir o‘xshamagan bo‘ladi.

Ilk kunlarimdan biror narsani tubdan o‘zgartirishga urinmadim. Men avvalo, mendan oldin nimalar bo‘lganini bilmoqchi bo‘ldim, klub haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishga urindim. Futbolchilar bilan gaplashdim. Hozir hamma ko‘rib turibdi – Brendan Rojyers juda kuchli murabbiy. Demak, gap faqat unda bo‘lmagan. 

Yana nimadir bor edi. Biz buni tushunib, bosqichma-bosqich muammoni hal qilib borishimiz kerak edi. 

Biz uchun muhimi, maydonga tushganda faqat o‘zimiz uchun emas, klub personali, oilamiz, muxlislar uchun bor kuchimizni ishga solishdir. Bu boshlanishi. Boshqa tarafdan esa, bu shunchaki futbol. Hamma biladi, men daho emasman. Ammo men va shogirdlarim qanchalik yaxshi bo‘lishsa, o‘yinimiz ham shunchalik yaxshi bo‘ladi. Bizda yaxshi o‘yinchilar ko‘p edi, yana bir nechtasini sotib oldik. Biz hozir kelgan joyimizdan zavq olyapmiz. Bilaman, bu hali yo‘lning yarmi, ammo to‘g‘ri yo‘lda ekanimizga ishonaman. 

Aynan nimani o‘zgartirganimni ayta olmayman. Lekin qilayotgan ishimiz o‘zimizga yoqyapti, bu - juda yaxshi poydevor» - deb eslaydi Yurgen Klopp.

Yurgen Klopp yana liverpulchilarni o‘yindan zavq olishga o‘rgatdi. Faqat o‘yindan emas, natijadan, turli qiyin vazifalarni, cho‘qqilarni zabt etishdan baxtli bo‘lishni o‘rgatdi. Bosim, turnir jadvali, uzoq vaqt sovrinsizlik, bulardan qat'i nazar, futbol avvalo, zavq ekanini, har bir qadamdan, har bir yutuqdan zavq olish mumkinligini ko‘rsatib berdi. Qaysidir futbolchilar bu ruhiyatga mos kelmadi, ketdi, kimdirlar keldi - muhimi, Liverpulda Klopp xarakteridagi jamoa paydo bo‘ldi. Shu xolos. 

«Barselona» istalgan paytda, ayniqsa birinchi bo‘limda birgina gol urib, vaziyatni deyarli hal qilib qo‘yishi mumkin edi. U holda «Liverpul»ning vazifasi qiyinlashib ketar, beshta gol urish imkonsiz holga kelardi. To‘xtang, uchta gol urish osonmidi aslida? Yo‘q, albatta. Demak, menimcha, «Barselona» hisobni tenglashtirganda ham, mezbonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozonish uchun o‘ynayverardilar. Bunga ishonish ancha oson. 

Chunki «Liverpul»ga qarshisida kimligining ahamiyati yo‘q bir raqib va qanchalik qiyinligini ahamiyati yo‘q bir vazifa turgandi. 

Kechagi «Vest Bromvich» bo‘lmaganida, bugungi «Barselona» bo‘lmasdi, menimcha. 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid