Sport | 12:30 / 08.05.2019
16123
6 daqiqa o‘qiladi

YeChL anonsi: «Ayaks»ga yettinchi final ostonasida nimalar to‘siq bo‘lishi mumkin?

Foto AFP

Chorshanba oqshomida «Yoxan Kroyf Arena» o‘yingohida Chempionlar ligasi yarimfinali doirasidagi yana bir uchrashuv o‘tkaziladi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
Ayaks – Tottenhem

8 may. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni. 00.00.
Hakam: Brix (Germaniya).
Birinchi o‘yin – 1:0.

Uydagi omadsizlik
«Tottenhem»ning bir hafta oldin Londondagi omadsizligidan keyin «shporlar»ning YeChL finali orzusiga katta so‘roq belgisi qo‘yilgandi. Bu mavsumda kashfiyotga aylangan yosh gollandlar Amsterdamga muhim g‘alaba bilan qaytishdi. Endi londonliklar javob o‘yinida kamida ikkita gol urishi yoki durang o‘ynab, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib borishi talab qilinadi - bu esa oson emas.

Boshqa tomondan «Ayaks» YeChLning pley-off uchrashuvlarida 7 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayapti (+0=4-3), jamoa oxirgi marta 1996 yilda Dortmundning «Borussiya» klubini mag‘lub etgan (1:0).

Statistikaga ko‘ra, YeChLning zamonaviy formatida faqat bir marta yarimfinal o‘yinida uy uchrashuvida mag‘lub bo‘lgan jamoa keyin finalga chiqqan holat kuzatilgan: bu 1995-96 yilgi mavsumda «Ayaks» bo‘lgan, amsterdamliklar yarimfinaldagi uy uchrashuvida «Panatinaikos»ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, Afinada 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.

«Tottenhem» bunday natijaga erishga ikkinchi jamoa bo‘lishiga ishonayotganiga shubha yo‘q.

«Yarim finalda o‘ynashning o‘zi ajoyib motivatsiya beradi. Biz hamma narsa kutish mumkin bo‘lgan bosqichdamiz. To‘g‘risini aytsam, men bu bosqichda ekanimizdan maza qilyapman. Birinchi o‘yindagi salbiy natijamiz ahvolimizni og‘irlashtirdi, lekin hali hammasi oldinda. Hech kim biz mavsumning oxirgi haftasida Chempionlar Ligasi finaliga chiqish uchun kurashayotgan bo‘lishimizga ishonmagandi, lekin biz buni epladik. Qolganiga ham ishonchni so‘ndirmaslik kerak»,- dedi londonliklar ustozi Maurisio Pochettino o‘yindan oldin.

Son Xin Minning qaytishi

«Yoxan Kroyf Arena»da Pochettino «Tottenhem»ning hozirgi vaqtdagi asosiy hujumchisi Son Xin Minning xizmatlaridan foydalana olishi hisobga olinsa, inglizlarning imkoniyatlari sezilarli darajada oshganini ko‘rish mumkin. Koreyalik hujumchi bu mavsumni a'lo darajada o‘tkazmoqda - barcha turnirlar doirasidagi uchrashuvlarda 20 gol va 11 golli uzatma. U «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarda ham asosiy qahramon bo‘ldi (birinchi o‘yinda g‘alaba goli muallifi va javob o‘yinida dubl). U «Ayaks»ga qarshi Londondagi birinchi o‘yinni sariq kartochkalari soni ortib ketgani tufayli o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi, endi u safga qaytib, mezbonlarning YeChL finaliga yettinchi marta yo‘l olishiga xalal bera oladimi?

O‘tgan hafta «Tottenhem» uchun dahshatli kechdi. Bu safar jamoada shirin tush bo‘ladimi?

Mavsumdagi ilk sovrin
Amsterdamliklar klubi chorshanba oqshomidagi o‘yinga a'lo kayfiyatda tashrif buyurmoqda - gap faqat Londondagi kerakli natijada emas.

Yakshanba kuni jamoa «Villem II»ni yirik hisobda mag‘lub etdi (4:0) va mavsumdagi ilk sovrin - Niderlandiya Kubogini qo‘lga kiritdi. Bu kubok amsterdamliklarga 19-marta nasib etmoqda (mamlakat rekordi) - shu bilan birgalikda keyingi 9 yil ichida birinchisi, bu yillar mobaynida poytaxtliklar ikki marta finalga chiqishgan va ikki safar ham mag‘lub bo‘lishgan: 2011 yilda «Tvente»ga (2:3), 2014 yilda «Zvolle»ga (1:5).

Qolaversa, amsterdamliklar chempionatda ham peshqadamlik qilishmoqda, mavsum yakuniga ikki tur qolganida «Ayaks» ikkinchi o‘rindagi «PSV»ni to‘plar nisbatidagi farq evaziga ortda qoldirmoqda. Shunday ekan, bu jamoa treblni orzu qilmoqda, deyish mumkin.

Ramazon effekti

5 may kuni butun dunyodagi musulmonlar uchun Ramazon oyi boshlandi. «Tottenhem» tarkibida ro‘zador futbolchilar yo‘q, «Ayaks»da esa 3 nafar musulmon futbolchi bor: marokashlik himoyachi Nussar Mazraviy va havbeklar Hakim Ziyosh hamda Zakariya Labiad.0

Mazraviy o‘z pozitsiyasini bildirib o‘tdi: «Men ro‘za tutyapman, bu oddiy holat. O‘yin soat 21:00da boshlanadi (Yevropa vaqti bilan), taxminan 21:15da men zaxira o‘rindig‘iga yaqinlashib suv ichib olishim mumkin. Bu mening tanlovim, bu hech kimga xalal bermaydi».

Qayd etish kerakki, «Ayaks» o‘z futbolchilariga ro‘za tutish bo‘yicha erkinlik taqdim etgan. Lekin jamoaning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyi Raymond Verxeyyen hech narsa yemasdan futbol o‘ynash ilojsizligini aytib o‘tgan: «Tasavvur qiling, 90 daqiqadan keyin jamoa 0:1 hisobida yutqazib turgan bo‘lsa, qo‘shimcha bo‘limlarda o‘ynashda davom etish uchun qayerdan kuch olish mumkin?».

Mavzuga oid