O‘zbekistonda ayrim xorijiy axborot saytlari VPN’siz ishlay boshlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Komil Allamjonovning Feysbukdagi sahifasida agentlikning rasmiy bayonoti e'lon qilindi.
«Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi YeXHT ning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir tomonidan e'lon qilingan ayrim xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligi haqidagi ma'lumotni o‘rganib chiqdi», — deyiladi bayonotda.
«O‘rganish natijasida ko‘rsatilgan veb-resurslarning O‘zbekistonda to‘laqonli ishlashlariga to‘siq bo‘lgan texnik kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Bugundan e'tiboran «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Righs Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet.org», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlardan to‘liq foydalanish imkoni mavjud bo‘ladi», — deyiladi agentlik bayonotida.
«Alohida e'tirof etish lozimki, davlatimiz rahbari doimo O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligi zarurligini ta'kidlaydilar. Shunga ko‘ra, Agentlik jurnalistlar mavqeini mustahkamlash, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, davlat organlari shaffofligini oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida faoliyatini davom ettiradi.
Shu bilan birga, biz xorij ommaviy axborot vositalari, umuman jurnalistlar jamoasini jurnalist etikasi tamoyillariga rioya etishlari, tasdiqlanmagan va yolg‘on axborotlardan foydalanmaslikni, shuningdek, asoslanmagan mish-mish va gumonlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz», — deya muxtasar qilgan K.Allamjonov bayonotni.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini ayrim ommaviy axborot vositalarini bloklashni to‘xtatishga chaqirgan edi.
So‘ngra K.Allamjonov o‘zining Feysbukdagi sahifasida Agentlik YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezirning bayonoti bilan tanishib chiqqani va ayrim yangiliklar veb-resurslariga kirish muammolari borasidagi faktlarni diqqat bilan o‘rganib chiqishini ma'lum qilgan edi.
Mavzuga oid
16:18 / 28.10.2024
Komil Allamjonov avtomobiliga o‘q uzishda gumonlanib yana uch kishi ushlandi
23:51 / 27.10.2024
Bosh prokuratura OAV vakillarini tasdiqlanmagan axborot tarqatishdan ogohlantirdi
09:04 / 27.10.2024
Komil Allamjonovga suiqasd qilganlardan biri ushlandi - Bosh prokuratura
11:28 / 26.10.2024