Jamiyat | 10:56 / 15.05.2019
12469
2 daqiqa o‘qiladi

Marhumga yozilgan qarz yoki elektr ta'minotidagi o‘yinlar

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Mesit qishlog‘ida yashovchi fuqaro Bodom Shodiyeva tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, 2003 yilda vafot etgan marhum turmush o‘rtog‘i Elmurod Do‘satov nomiga o‘limidan o‘n to‘rt yil o‘tib tuman elektr ta'minoti korxonasi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgani va marhumga nisbatan 44 044 294 so‘m jarima qo‘llanganini ma'lum qilgan.

Murojaat o‘rganilganda, tuman elektr ta'minoti korxonasi nazoratchilari tomonidan marhum E.Do‘satov nomiga dalolatnoma yozilib, jarima summasi esa B.Shodiyevaga tegishli bo‘lgan xonadonga ochilgan 0410456 raqamli abonent raqamiga kiritilgani aniqlandi. Biroq, o‘rganish jarayonida ushbu dalolatnomani elektr ta'minoti korxonasi mas'ullari topib berisha olmadi. Bundan ko‘rinadiki, sobiq nazoratchilar xonadonga bormasdan, u yerda yashovchilar bilan uchrashmasdan, guvohlarsiz dalolatnoma rasmiylashtirishgan va jarima hisoblashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 351-moddasida «Agar majburiyatni qarzdorning shaxsiy ishtirokisiz bajarish mumkin bo‘lmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor bo‘ladi», deb belgilab qo‘yilgan. Kodeksning mazkur moddasi talablaridan kelib chiqib, «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJga marhumning zimmasidagi qarzdorlikni uning hisobidan chiqarish yuzasidan ma'lumot kiritilib, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limiga tegishli hujjatlar taqdim etildi.

Mavzuga oid