Jahon | 07:35 / 16.05.2019
29651
2 daqiqa o‘qiladi

“Katta yettilik” vakillari Poroshenkoni Zelenskiyga hokimiyatni topshirishga chaqirishdi

Foto: REUTERS / Valentyn Ogirenko

“Katta yettilik” (G7) davlatlari vakillari Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoni hokimiyatni saylangan prezident Vladimir Zelenskiyga topshirishga chaqirishdi. Bu haqda Fransiyaning G7’dagi vakolatxonasi xabarida ma'lum qilingan

Poroshenkoning G7 va Yevropa Ittifoqi davlatlari elchilari bilan uchrashuvida uning prezidentligi vaqtida amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari muhokama qilingan.

“G7 elchilari hokimiyatning silliq topshirilishiga chaqirishdi, bu Ukrainaga u tanlagan islohotlar yo‘lini davom ettirishga imkon beradi”, deyilgan xabarda.

Poroshenkoning matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, G7 vakillari prezident saylovlari yuqori darajada tashkillashtirilganini ta'kidlab o‘tishgan.  

Avvalroq Ukraina oliy radasining reglament masalalari bo‘yicha qo‘mitasi Zelenskiyning inauguratsiyasi sanasi bo‘yicha 7 ta loyihani ko‘rib chiqqan va parlamentni ulardan har biri bo‘yicha ovoz berishga chaqirgan. Zelenskiyning o‘zi esa inauguratsiyasi 19 may kuni o‘tishini talab qilmoqda.

Ukraina qonunlariga ko‘ra, prezident inauguratsiyasi saylov komissiyasi tomonidan saylovlar natijalari rasman ma'lum qilinib, “Ukraina ovozi” nashrida chop etilgandan keyin 30 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerak. Inauguratsiyaning aniq sanasini alohida qaror bilan parlament belgilaydi.

Mavzuga oid