Jamiyat | 13:52 / 17.05.2019
234327
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov vafot etdi.

Janoza marosimi bugun, 17 may kuni asr namozidan keyin bo‘lib o‘tadi. Ijodkor O‘rikzor dahasidagi Said Vaqqos Ota qabristoniga dafn etiladi.

Ortiq Otajonov 1947 yil 30 yanvar kuni Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston (1991 y.), Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston (1993 y.) xalq artisti. Urganch musiqa bilim yurtini (rubob sinfi bo‘yicha, 1967 y.) va Toshkent madaniyat instituti (1980 y.)ni tugatgan. 

Milliy ashulachilik yo‘llarini Komiljon Otaniyozov, shuningdek, A.Otajonov, M.Mirzayev, G.Rahimova, O.Ibrohimov va S.Sobirovlardan o‘rgangan. O‘zbek davlat filarmoniyasi, “Lazgi” ansamblida xonanda (1968-81 yillar), “Lazgi” ansamblining badiiy rahbari bo‘lgan. 

Repertuaridan Xorazm mumtoz ashulalari (Feruz I,II, savtlari bilan ”Chapandozi Suvora”, “Xorazm Dugohi” va b.),  kuyini o‘zi bastalagan asarlar (“Zebolanib kelibsiz”, “Ona diyorim”, “Xorazm farzandiman”,”Orol dardi”, “Sening kulishlaring”, “Ibiyay”, “Boshqacha” va b.), shuningdek, afg‘on, turkman, ozarbayjon, rus, arab qo‘shiqlari o‘rin olgan. Ijrolari 2 gramplastinka, O‘zbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan. 

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.