Jamiyat | 08:30 / 17.05.2019
46019
3 daqiqa o‘qiladi

Xoinlikda ayblanayotgan Qodirjon Yusupovga psixologik bosim bo‘lgani aytilmoqda

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq amaldori, O‘zbekistonning YeXHTdagi (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) vakili lavozimida ishlagan, «davlatga xoinlik qilish»da ayblanib qo‘lga olingan Qodirjon Yusupov o‘z aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi hujjatlarni bosim ostida imzolaganini iddao qilmoqda. Bu haqda ayblanuvchining yaqin qarindoshlari Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

«Bir muddat u muhtoj bo‘layotgan dori-darmonlarni yetkazib berishda muammolar bo‘ldi. Qodirjon tushunarsiz vajlar bilan oilasi tomonidan yollangan advokatni rad etgandi. Keyinchalik uning oilasiga yo‘llagan maktubida bularning barchasi psixologik bosim ostida amalga oshirilganini ma'lum qilgan», — deydi suhbatdosh.

DXX Tergov boshqarmasi boshlig‘i imzolagan xatda ayblanuvchi o‘z xohishi bilan advokat Pashkovskiy xizmatini tanlamaganini bildirgan. Unga nisbatan psixologik yo jismoniy bosim bo‘lmagani ta'kidlanadi.

O‘zJK 157-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish da ayblanayotgan Yusupov aprel yakuniga qadar oila a'zolari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Shunga qaramay, Yusupov o‘z tashabbusi bilan davlat budjeti hisobiga yollangan advokatdan voz kechib, oilasi tomonidan taklif etilgan advokat Pashkovskiyni tanlashini bildirgan. 

Kun.uz muxbiriga ma'lum bo‘lishicha, Pashkovskiy himoyasi ostida bo‘lgan shaxs bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda Qodirjon Yusupovga nisbatan tergov yakunlanib, uning masalasi sudda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

2018 yil 3 dekabr kuni Toshkent metropolitenining «Pushkin» metro bekatidagi temir yo‘l relsiga yiqilib tushgan Qodirjon Yusupov yengil tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

O‘zbekiston Respublikasining Avstriya, Buyuk Britaniya va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida, shuningdek O‘zbekistonning BMT va YeXHTdagi doimiy vakolatxonasida ishlagan, 2002-2005 yillarda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatini boshqargan Yusupov shifoxonadan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri DXX hibsxonasiga olib ketilgan.

2015 yildan buyon Yusupovning salomatligini kuzatib kelayotgan shifokor Vladimir Dyakov ayblanuvchi psixologik holatida noodatiy o‘zgarishlar bo‘lgani, shu tufayli u muntazam ko‘rik va muolajada bo‘lishini aytgandi. 

Biroq Bosh prokuratura tomonidan DXX Tergov izolyatorida saqlanayotgan Qodirjon Yusupovning ruhiy holati qoniqarli ekani tasdiqlanmoqda.

Mavzuga oid