Jahon | 17:00 / 19.05.2019
23032
7 daqiqa o‘qiladi

Avstriya hukumatida parokandalik. Hammasiga partiya rahbarining «rossiyalik ayol» bilan uchrashuvi sabab

Avstriya kansleri Sebastian Kurs mamlakat prezidentiga tezda parlament saylovlarini o‘tkazish borasida murojaat bilan chiqdi. Bunga «Ozodlik» partiyasi rahbari va vitse-kansler Xayns-Kristian Shtraxening rossiyalik ekani taxmin qilinayotgan noma'lum ayol bilan xufiyona uchrashgani haqidagi video tarqalishi sabab bo‘ldi.

Videoga ko‘ra, Shtraxe Avstriya nashrlari rossiyalik deb atayotgan ayoldan o‘z partiyasini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan va buning evaziga siyosatchi unga qurilish sohasidagi davlat buyurtmalarining bir qismini berishni va'da qilgan.

Kansler Sebastian Kurs Shtraxe bilan ishlamasligini ma'lum qildi

Kansler Sebastian Kurs bu video tarqalib ketgach, bundan buyon Shtraxe bilan ishlamoqchi emasligini ma'lum qildi: «Prezidentga navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishni taklif qildim. Bu videodan keyin bir narsani aytishim mumkin: jonimga tegdi...».

«Bu videoni o‘zimga nisbatan haqorat deb qabul qildim. Lavozimini suiiste'mol qilish, soliq to‘lovchilarning pullarini o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishni kechirib bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qildi kansler.

Prezident Aleksandr Van der Bellen navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishi ma'lum qildi

Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen ham muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni ma'qulladi. Sentabr oyida mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladi.

«Ruscha aralashuv»
Avstriyaliklarning g‘azabini qo‘zg‘atgan videoda chindan ham jiddiy gaplar aytilgan. Vitse-kansler Xayns-Kristian Shtraxe Avstriya nashrlari rus ekaniga shubha qilmayotgan ayol bilan shirakayf holatda gaplashgan. «Ozodlik» partiyasi rahbari hisoblangan ushbu siyosatchi o‘zini rossiyalik oligarxning jiyani deb tanishtirgan ayolga qandaydir hukumat shartnomalarini qo‘lga kiritishda yordam berishini aytgan.

Ayolga davlat buyurtmalarini olib berishni taklif qilgan Shtraxe xuddi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban kabi media borasida ustunlikni xohlayotganini aytadi. Orban Vengriya muxolifati gazetasini yopib qo‘ygandi. Ayol Avstriyaning eng katta gazetasi hisoblangan «Kronen Zeitun» aksiyalarining yarmini sotib olishni va nashrni «Ozodlik» partiyasini qo‘llab-quvvatlashga undashini aytadi. «Kronen Zeitun» 1900 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nashr bo‘lib, har kungi adadi 1 milliondan ortiqni tashkil etadi.

Videoda vitse-kansler «Kronen Zeitun»dagi tashviqotlar «Ozodlik» partiyasi reytingini 34 foizga oshirishini taxmin qilayotganini aytadi: «Xonim, «Kronen Zeitun» nazoratini saylovdan uch hafta oldin qo‘lga kiritib, saylov kampaniyasi davomida bizga yordam bersangiz, bu haqda (o‘zaro kelishuv haqida - tahr.) gaplashsak bo‘ladi».

Shtraxe «rossiyalik ayol»ga «Strabag» korxonasining barcha buyurtmalarini ham taklif qiladi. Bu korxona Yevropadagi eng yirik qurilish korxonalaridan biri hisoblanadi. «Strabag» olayotgan barcha buyurtmalar sizniki bo‘ladi», deydi shirakayf siyosatchi maqtanchoqlik bilan.

Bu uchrashuv 2017 yili O‘rta Yer dengizidagi mashhur Ibitsa orolida bo‘lib o‘tgan. O‘sha yilning kuzida Avstriyada parlament saylovlari o‘tkazilgan va unda «Ozodlik» partiyasi to‘plangan ovozlar bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Avstriya nashrlari va yirik siyosatchilar «Ozodlik» partiyasi favqulodda ko‘p ovoz olishida «ruscha aralashuv»ning o‘rni katta ekanini aytishmoqda. Yuqoridagi suhbat davomida Shtraxe partiyasining rossiyalik boyvachcha valine'matlari haqida gapirgani «ruscha aralashuv» haqidagi farazlarni tasdiqlashi mumkin.

«Mast edim, men mast edim...»

Xayns-Kristian Shtraxe iste'foga chiqdi
Foto: epa/vostock-photo

Video «qahramoni» Xayns-Kristian Shtraxe qilgan ishlaridan uyatda ekanini aytdi. «Men aytgan gaplar shunchaki halokat. Ha, bu ahmoqlik. Ha, bu xato. Ha, bu sharmandalik»,- deydi suhbat vaqtida mast bo‘lganini iddao qilayotgan Shtraxe.

Uning aytishicha, ichib olgan har qanday erkak ayollarga maqtanadi va uning videodagi holati «shirakayf erkakning xushomadgo‘ylik bilan maqtanishi»dan boshqa narsa emas. Shtraxe partiya rahbarligidan ketishini e'lon qildi. Uning o‘rnini transport vaziri Norbert Xofer egallaydi. Shtraxening yordamchisi, videoda «ikkinchi darajali rolni ijro etgan» Yoxann Gudenus ham hukumatning hech qaysi lavozimida ishlamasligini ma'lum qildi.

Avstriyada allaqachon namoyishlar boshlanib ketdi. Odamlar kanslerni ham tanqid qilishmoqda. «Sebastian, bu sen tuzgan hukumat va uning holati sening vijdoningga havola»,- deb baqirishmoqda namoyishchilar.

Millatchi partiya
«Ozodlik» partiyasi millatchi va muhojirlarga qarshi ekani bilan tanilgan ma'lum darajadagi radikal partiya hisoblanadi. Bu partiya Rossiya hukumati bilan yaqin aloqalarda ekani aytiladi. Partiya rahbarlari va xususan Shtraxe ham bir necha marta Rossiyada bo‘lishgan. Bu partiya Qrimni Rossiyaning qonuniy qismi deb tan olgani ham bu davlat bilan qanchalik yaxshi aloqalari borligiga ishora qiladi. 2016 yilda Rossiyaning hukmron partiyasi Avstriyaning «Ozodlik» partiyasi bilan kelishuv shartnomasini ham imzolagan.

Darvoqe...
Avstriya hukumati hamda Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirganda o‘tgan yil bo‘lib o‘tgan voqeani eslash kerak. Avstriya tashqi ishlar vaziri 45 yoshli Karin Knaysl o‘tgan yil avgust oyida turmushga chiqqan va to‘yiga Rossiya prezidenti Vladimir Putinni taklif qilgandi. To‘y marosimi Putinning kechikib kelgani bois bir muddat kechroqqa ham surilgandi. Putin to‘yda qatnashishi bilan birga kelin bilan raqsga tushishga ham ulgurgandi...

Mavzuga oid