O‘zbekiston | 17:51 / 20.05.2019
67261
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Umar uylari»dan birini buzish boshlandi

Samarqand shahridagi qurilish me'yorlari buzilgan, ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgan 159 ta obekt taqdiriga birin-ketin aniqlik kiritilmoqda. Bu uylarning 141 tasi viloyat miqyosida, 18 tasi respublika miqyosida nazoratga olingan. Ana shu uylardan birida bugun, 20 may kuni sud qarori bilan buzilish ishlari boshlandi. Jarayonni Kun.uz muxbiri voqea joyida kuzatdi.

«AFROSIYoB XOSIYaT BeGIM MAKONI» MChJga qarashli Samarqand shahri Mironshoh ko‘chasi 4-manzilda joylashgan bu ko‘p qavatli uy yuqoridagi tilga olingan 18 ta obektning biri hisoblanadi. Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi vakillarining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, ayni vaqtda yuqori qavatlarga texnika olib chiqishning imkoni bo‘lmagani sababli 30 nafar ishchidan iborat guruh qo‘l mehnati bilan buzish ishlarini olib bormoqda.

Bugun buzilishi boshlangan Mironshoh ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy samarqandlik mashhur tadbirkor Umar Rajabovga tegishli ekani aytiladi. Xalq tilida «Umar uylari» deb aytiladigan uylardan bo‘lgan bu 7 qavatli turar joy binosining 5 qavati buziladi. Bu haqda Samarqand viloyat hokimligi qurilish bo‘yicha mas'ul vakillari Kun.uz muxbiriga xabar qilishdi. Ularning aytishicha, o‘zboshimchalik bilan qurilgan deb topilgan boshqa uylarning ham qurilish me'yorlariga zid qismlari buziladi.

Kun.uz muxbiri Mironshoh ko‘chasida yuqorida ta'kidlangan uyning buzilish jarayonini kuzatar ekan mahalliy aholi vakillari bilan bu borada gaplashdi. Ularning aytishicha, qurilishi yakunlanmagan bu uylarning deyarli hammasi oldindan sotib bo‘lingan.

Mavzuga oid