Zomindagi 50 yilcha avval bunyod etilgan 50-maktab tobora to‘kilib bormoqda: mas'ullar sukutda
Kun.uz tahririyatiga Jizzax viloyati, Zomin tumani, Dashtobod shaharchasida istiqomat qiluvchi bir guruh yurtdoshlarimiz 50-umumta'lim maktabida farzandlarining ta'lim olishlari uchun sharoitlar og‘irligi haqida murojaat yo‘llashdi.
Unda maktab 1973 yilda qurilib foydalanishga topshirilganidan buyon ta'mirlanmagani, sinfxonalar, maktab atrofi ayanchli ahvoldaligi, bu yerda tahsil olayotgan o‘quvchilar eski, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan o‘quv jihozlaridan foydalanayotgani bayon qilingan.
Maktabdagi vaziyat bilan yaqindan tanishdik. Ta'lim muassasasiga kirib borar ekansiz, kirish yo‘laklari o‘ta abgor holdaligi va obodonlashtirish ishlari o‘lda-jo‘ldaligi, maktab hovlisida begona o‘tlar o‘sib yotgani kishida noxush taassurot qoldiradi.
Biz hali sharoitlar haqida to‘xtalmadik. Faqatgina bajarilishi mablag‘ va ko‘p vaqt talab qilmaydigan oddiy yumushlar.
Nimqorong‘u yo‘laklar...
1973 yilda 950 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan ta'lim maskanida bugungi kunda 1500 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 95 nafar o‘qituvchi ta'lim beradi. Nimqorong‘u yo‘laklar, siniq va «ochilsa qaytib yopilmaydigan eshiklar», mutlaqo yaroqsiz jihozlar, ko‘rinishidan «dunyo xaritasi»ga o‘xshab ketadigan partalar, bir qavatli oynalar, har yili bo‘yalaverib, archilib, to‘kilib, shishib ketgan deraza romlari «elliginchi yillar»da tashkil topib shu ko‘yi muzeyga aylantirilgan maktab binosini eslatadi.
Sinfxonalaridan biriga kirib devor bo‘ylab bir tekisda qo‘yilgan partalar ortida qaldirg‘ochdek tizilib dars o‘tayotgan o‘quvchilarni ko‘rib, avvaliga o‘qituvchi darsni interfaol usullarda olib boryapti, degan o‘y ham o‘tdi ko‘ngildan. Afsuski, o‘quvchilarning bu holatda dars o‘tishiga o‘quv inventarlari yetishmasligi sabab ekan. Kursilarni bir-biriga birlashtirish evaziga dars tinglayotgan bolalarga yengillik shuki, ular 45 daqiqa tik holatda turishmaydi. Tiqilinch bo‘lsa ham o‘tiribdi-ku, shunisi hisob... Bir partaga to‘rt kishi ham sig‘arkan-ku… ko‘ngil keng bo‘lsa besh kishi ham sig‘ar...
E'tiboringizga taqdim etilayotgan suratlarda shu maktabning yuqori sinflaridan biridagi dars jarayoni aks ettirilgan. Tasvirdagi parta va o‘quv jihozlarining ahvoliga qarab, maktab tashkil etilganidan buyon bu maskanga yangi jihozlar sotib olinmagan, degan fikr tug‘iladi.
— Maktabimizda bugungi kunda 95 nafar pedagog faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 16 nafari oliy toifali, 24 nafari 1-toifali o‘qituvchilardir. Shuni faxr bilan ayta olamanki, bugungi kunda ta'lim maskanimiz Zomin tumanidagi 72ta maktab orasida yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Yashirishning hojati yo‘q, maktabimiz chindan ham ancha ta'mirtalab. 2009 yilda 150 million so‘mga joriy ta'mirlash bo‘lgan, ammo ko‘rib turganingizdek, bu yerda aytarli hech bir ish qilinmagan. Deraza romlari, eshiklar, o‘sha — 70-yillarda qanday qo‘yilgan bo‘lsa shu holicha qolib ketgan.
Maktabi binosi yo‘laklardagi pol qismi cho‘kib boryapti. Bugungi kunda maktab binosining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta'lim oladigan qismi to‘liq kapital ta'mirdan chiqarilyapti. Bu loyihaga 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Rostini aytsam, o‘quv yili boshida biz bilan suhbatlashgan mas'ul rahbarlar maktabimiz to‘liq ta'mirdan chiqarilishini va buning uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotgani, ta'lim maskani tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, zamonaviy qiyofa kasb etishini aytishganida, juda quvongan edik. Afsuski, umidlarimiz puchga chiqdi.
Bu yil maktabning boshlang‘ich sinflari o‘qiydigan qismi ta'mirlanadigan bo‘ldi. Bizga ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy ta'mirlash yo‘lga qo‘yilishini bildirishdi. O‘zingiz ayting, homiylik asosida nima ham qila olardik? Aytishga oson: menimcha, mahalliy hokimlik va xalq ta'limi bo‘limidagilar biroz qo‘llab yuborishsa, balki maktabimiz tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarar, o‘sha shahar maktablaridagidek zo‘r sharoitlarga ega bo‘lar, — deydi maktab direktori Ulfat Xoliqov.
Qariyb ellik yil oldin barpo qilingan ta'lim dargohida ichimlik suvi muammo. Isitish tizimi va hojatxona haqida gapirmasa ham bo‘laveradi. Maktabning boshlang‘ich sinflari dars o‘tadigan qismini ta'mirlash ishlari «Hirot Servis» xususiy korxonasiga topshirilgan va bu jarayon uchun davlat budjetidan 1,5 milliard so‘m ajratilgan. Ta'mirlash ishlari joriy yilning 24 avgustiga qadar tugatilishi shart.
— Ushbu qurilish ishlarini avgust oyiga tugatamiz, deb turibmiz. Ish boshlanganiga 20 kunlar bo‘lib qoldi. Loyihaga hojatxona kiritilmagan. Maktabga imkoni boricha yordam berib sifatli ta'mirlashni yo‘lga qo‘yamiz. Yo‘lak qismlarini ta'mirlashni o‘zimizning hisobimizdan qilamiz. Ammo «eskini yamab, esing ketadi», deyishadi-ku. Bizga qolgan korpuslarni ham bo‘yab, sal epaqaga keltirish yuklatilgan. Lekin vaziyatdan kelib chiqib harakat qilamiz, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Dilshod Abdurahmonov.
Mas'ullar sukutda...
Bilim maskani devorlari yorilib, nurab ketgan. Ayniqsa, uchini korpus devorlari ta'mirtalab yillar davomida ohaklanaverib, teginsangiz ko‘chib tushadigan ahvolga kelgani achinarli. Bu yerda yuvinish xonalari, ventilyatsiya tarmog‘i haqida faqat orzu qilish mumkin. Mutasaddilar esa ushbu noxush holatni sukut saqlash bilan izohlashdi.
— Ko‘rganingizdek, mana yaqinda maktabimizda qurilish-ta'mirlash ishlari boshlandi. Albatta, kamchiliklar ko‘p. Lekin maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta'lim oladigan binolari ta'mirdan chiqishi bilan qolgan korpuslar ham ta'mirga tushadi, — deydi Zomin tumani xalq ta'limi bo‘limi mudir muovini Qahramon Yo‘ldoshev
Shinam va ko‘rkam, barcha shart-sharoitlar yaratilgan maktabda o‘qishga nima yetsin? Bir partada to‘rtovlon o‘tirib dars tinglayotgan dashtobodlik bolalar ham keng va yorug‘ sinfxonalarda ta'lim olishni orzu qilishadi.
Agar «dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i — maktab» bo‘lsa uni ta'mirga muhtojligini bilaturib «sukut» saqlayotgan va zimmasiga yuklangan vazifalarga mas'uliyatsizlik bilan yondashayotgan, «qilamiz», «albatta bajaramiz», «bo‘ladi», deya aravani quruq olib qochayotgan mas'ullarni kim deb atash mumkin?! Bu masalaga viloyatdagi va tumandagi mutasaddi rahbarlar e'tibor qilib, yechim topishiga umid qilamiz.
Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
18:24 / 25.12.2024
Zomin aeroporti faoliyati vaqtincha to‘xtatib turilgani ma’lum qilindi
15:02 / 25.12.2024
Ayrim maktab xodimlariga ustamalar to‘lash takomillashtiriladi
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024