O‘zbekiston | 10:31 / 23.05.2019
18692
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zgidromet: «O‘tgan asrning o‘rtalaridan O‘zbekistonda iqlim ilishi tendensiyasi kuzatilmoqda»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) «Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida matbuot anjumani va davra suhbati o‘tkazdi.

Iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biriga aylangan. Jahon meteorologiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra kuzatuvlar tarixidagi eng iliq 20 yil so‘nggi 22 yilga to‘g‘ri kelgan. Eng issiq to‘rt yil esa oxirgi to‘rt yilga to‘g‘ri kelgan. Iqlim o‘zgarishining boshqa yaqqol belgilarini ham kuzatish mumkin, bular — dengiz sathining ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, Yer kurrasining barcha mintaqalarida kuzatilayotgan ekstremal meteorologik hodisalar (suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va bosh.). Tabiiy ofatlar xavfining ortishi, hodisalarning misli ko‘rilmagan ko‘lami ham bunga dalildir. Agar bugun qat'iy choralar ko‘rilmasa, iqlim o‘zgarishiga keyingi moslashish katta sarf-xarajat va harakatlarni talab qilishi mumkin. 

Foto: O‘zgidromet

Markaziy Osiyo ham iqlim o‘zgaruvchanligining joriy kuchayishi bilan bog‘liq, ham global iqlim o‘zgarishining uzoq muddatli ta'siriga moyil mintaqa hisoblanadi. O‘tgan asrning o‘rtalaridan O‘zbekistonda iqlim ilishi tendensiyasi kuzatib kelinmoqda va har 10 yilda o‘rtacha yillik harorat 0,29 darajaga oshib bormoqda. So‘nggi o‘n yilliklar davomida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy hodisalar ko‘proq ro‘y bermoqda va ular suv resurslari tanqisligining kuchayishi va qurg‘oqchilik hodisalarining tez-tez takrorlanishiga olib kelmoqda.

Shu munosabat bilan iqlim o‘zgarishi oldini olish va uning kuzatilayotgan oqibatlariga moslashish bo‘yicha zarur choralar ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash katta ahamiyat kasb etadi.

Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ) global miqyosdagi tashabbus bo‘lib, u kam-uglerodli va iqlimiy barqaror rivojlanishni moliyalashtirish orqali iqlim o‘zgarishi masalalarini hal etishga qaratilgan. Jamg‘arma rivojlanayotgan mamlakatlarda issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirishga hamda himoyaga muhtoj hamjamiyatlarning iqlim o‘zgarishining muqarrar oqibatlariga moslashishiga yordam berish maqsadida 2010 yil Kankun shahrida 194 mamlakat hukumatlari tomonidan tashkil qilingan. Bosh qarorgohi Janubiy Koreyaning Songdo shahrida joylashgan.

YaIJ issiqxona gazlarini qisqartirish yoki ularni chiqarishning oldini olish orqali iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengillashtirish va uning salbiy ta'sirlariga moslashishga qaratilgan loyihalarni ko‘rib chiqadi va moliyalashtiradi.

O‘zbekistonda YaIJ bilan ishlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) vakolatli organ hisoblanadi. U vakolatlari doirasida YaIJ bilan o‘zaro aloqalarni ta'minlaydi, xususan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliya olish uchun milliy tashkilotlarni YaIJda akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha so‘rov yuboradi hamda YaIJga taqdim etish uchun davlat manfaatlariga javob beradigan to‘liq ko‘lamli loyihaviy takliflarni tayyorlash yuzasidan talabnomalarni ko‘rib chiqadi.

Hozirgi vaqtga kelib YaIJga taqdim etish uchun 3 ta loyiha tayyorlandi. Ular Milliy moslashish rejasini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligini agrometeorologik ta'minlash va iqlimga bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish masalalari bilan bog‘liq.

Tarmoqlarning iqlim o‘zgarishiga moslashishi bo‘yicha milliy rejalarni tayyorlash sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish va uy-joy qurilishi energiya samaradorligi borasidagi moslashish chora va harakatlarini o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid