O‘zbekiston | 09:42 / 24.05.2019
73706
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: O‘zbekistonda hokimlarning o‘rinbosarlari soni yana bittaga ko‘paydi

Foto: Pixabay

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorda ta'kidlanishicha, foydalanilmayotgan obektlardan samarali foydalanish, shuningdek bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan obektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklashga qaratilgan investitsiya loyihalari (“yo‘l xaritalari”)ni ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyasining ishchi organi funksiyalari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi zimmasiga yuklatildi.

Vazirlikka qo‘shimcha ravishda 70 ta boshqaruv xodimlari shtat birligi, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalariga 5 tadan shtat birliklari ajratildi.

Qarorga muvofiq, quyidagi lavozimlar joriy etildi:

hokim o‘rinbosari – viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i;

hokim o‘rinbosari – tuman (shahar) investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i.

Qaror bilan ayrim viloyat, shahar, tuman hokimliklaridagi bir qator lavozimlar, jumladan, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlari hokimliklaridagi hokimning investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatildi.  

Viloyatlarda, tumanlarda (shaharlarda) kichik sanoat zonalarini hamda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish borasidagi vazifalar hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha tegishli birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklandi.

Shuningdek, qaror bilan Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi tashkil etilib, uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. 

Markaz direktori Hukumat tomonidan tayinlanadi hamda u moddiy ta'minot, ijtimoiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Mavzuga oid