Jamiyat | 17:00 / 24.05.2019
134581
8 daqiqa o‘qiladi

Vodiy va voha ahli yopirilib kelayotgan Chust suvi haqida haqiqatni izlab. Suv ichishga yaroqlimi yoki yo‘q?

Chustdagi adir bag‘ridan tortib chiqarilayotgan suvning ovozasi qanday qilib butun O‘zbekistonga tez tarqalganiga hayron qolmay iloj yo‘q.

«Ming bor eshitgandan bir marta ko‘rgan ma'qul» deyishadi. Internetda tarqalgan xabarlarga aniqlik kiritish uchun o‘sha joyning o‘ziga borib ma'lumotlar olishga harakat qildik.

Namangan viloyati, Chust tumani adirlari ichidagi joyni bizga «Qodirobod» deb aytishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Chust ijara» MMTP hududining 25 konturi dala maydonida To‘raqo‘rg‘on tuman Yesin qishlog‘i, Ko‘kqayrag‘och mahallasi hududidagi «Tomchi zamin» fermer xo‘jaligi rahbari Abdusattor Yo‘ldoshev tasarrufidagi 20 gektarli bog‘ va boshqa ekinlarni sug‘orish uchun 500 million so‘m mablag‘ sarflab, 350 metr chuqurlikda artezian qudug‘i tushirib chiqargan suvi kutilmaganda shunday mashhur bo‘lib ketgan. Mish-mishlarda bu suv turli kasalliklarga, hatto saratonga davo bo‘lishi aytildi.

Bundan to‘rt kun oldin birov yurmaydigan adirlik yo‘li ayni paytda juda gavjum. Avtomashinalar raqamlariga qarab, bu yerda butun O‘zbekiston hududidan mehmonlar borligini ko‘rasiz.

Qir tepasidagi suv chiqayotgan joyga to‘rt kilometr qolganida mashina va odamlar uchun tirbandlik boshlandi. Atrofda qo‘lida turli suv idishlari bilan yopirilib adir tepasiga intilayotgan turli yoshdagi odamlarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Oxiri o‘sha suv chiqqan joyga yetib bordik. Eh-he-ye... Tumonat odam. Vodiy viloyatlarini qo‘ying, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand hatto Qoraqalpog‘istondan suv olib ketishga kelganlarni uchratdik.

Video: Youtube

Adir tepasidan fermer 350 metrdan kavlab chiqargan suv «nasos» orqali tortiladi. Bir-ikki yil davomida chiqayotgan va birov shifobaxshligini bilmagan suv bulog‘i hozir minglab odamlar bilan to‘lgan. Elektr nasos yurganda suv chiqa boshlaydi. Ikki kun mobaynida ikki marta suv berilibdi. Faqat bu yerdagi minglab odamlarning tartibsiz harakatlari bizni hayron qoldirdi.

Tepalik tomon o‘rmalab chiqayotgan har bir odam to‘g‘ri navbatsiz, suv olish uchun buloq oldiga shoshgan. Bir payt uskuna yurib, suv chiqishni boshlashi bilan baqir-chaqir, ur-to‘polon ichida qolib ketdik. Xuddi, umrni uzaytiruvchi «obi hayot»ni talashayotgan odamlarni ko‘rgandek bo‘lasiz.

To‘rt-besh ming odam yig‘ilgan. Hamma o‘z «yuksak madaniyati»ni namoyish qilib, oldinga intilyapti.

Mahalliy aholi, ya'ni chustliklar oz, tartibsizlikni asosan mehmonlar keltirib chiqarmoqda.

«Suvning shifobaxshligi» qanday aniqlandi?

Yeridan «shifobaxsh»ligi aytilayotgan suv chiqqan «Tomchi zamin» fermer xo‘jaligi rahbari Abdusattor Yo‘ldashevdan fikr so‘radik.

«Nafaqaga chiqqach, «bog‘ qilaman» deb, adir ichidagi tashlandiq yerni hokim qaroriga asosan olib, ish boshladim. Suv yo‘q edi. Quduq qazib 350 metrdan chiqardik. Shu suv bilan ekinlarni sug‘ora boshladik. O‘tgan yili yaqin odamimiz kelib, suvdan oz-oz ichib yurdi. Uning astmasi bor ekan, tuzalib ketibdi. Men buni suvga emas, joyning havosi tozaligiga yo‘ydim. Oyog‘ida tuzalmaydigan yarasi bor odam har o‘tganda mana shu suvda yuvib turar ekan. U ham tuzalib ketibdi. Ukamning yuzida uzoq yillardan beri davosi topilmayotgan yara-chaqasi bor edi. Yaxshi niyat bilan olib borib berdim. Bir hafta yuvgandi, peshanasidagi yigirma yillik yara tuzalib ketdi. O‘zimning do‘stim bor, yurak yetishmovchiligi bilan og‘rirdi. Tinmay hansirardi. Shunga bir katta idishda olib borib berdim. Hozir tuzalib ketgan, ketmon chopyapti.

Qisqasi, suv tarkibini aniqlash uchun Toshkentdagi Minerologiya ilmiy-tekshirish institutiga olib bordim. Ular, to‘rt kunda tahlillarni chiqarishibdi. Menga, «suvingiz shifobaxsh ekan, tarkibida inson uchun shifobaxsh bo‘lgan «Selen» mineral moddasi topildi», deyishdi. Aytishlaricha bu inson sog‘ligi uchun rosa kerakli mineral ekan», deydi Abdusattor aka.

Mutaxassislar fikri: «Suv ichishga yaroqli emas...»

Chust tuman  davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (DSENM) mazkur artezian qudug‘idan olingan suv ustida tahlillar olib borgan ekan. Biz tibbiyot muassasasi bosh shifokori Zayliddin Anorqulovga tahlil natijalari bo‘yicha murojaat qildik.

«Avvalo, tumanimizdan mana shunday shifobaxsh suv chiqqanidan xursandmiz. Shov-shuvli xabarlar tarqalgach, xodimlarimiz bilan namuna uchun suv olib, laboratoriyada tahlillar o‘tkazdik. Kecha dastlabki xulosalar chiqdi. Unga ko‘ra, suvning ayni paytdagi qattiqligi va loyqaligi, sulfat va minerallar tarkibi bo‘yicha davlat standartlariga to‘g‘ri kelmaydi. Iste'mol uchun yaroqsiz.

Hozir qo‘shimcha tahlillar davom etyapti. Agar bu suvni qayta ishlab qattiqligi yumshatilsa, loyqaligi tindirilib, mikroblar zararsizlantirilsa, gigiyenik holati yaxshilanib, yaroqlilik sertifikati olinsa iste'mol uchun ruxsat beriladi. Hozirgi holatida ichish esa oshqozon-ichak tizimi kasallanishiga olib kelishi mumkin.

Men o‘zim yaqinlarimga bu suvni iste'mol qilishni tavsiya etmasdim. Qachonki, mazkur suv inshootiga tegishli uskunalar qo‘yib, tozalab, tegishli gigiyenik ruxsatnoma olib, qadoqlashganidan so‘ng iste'mol uchun ruxsat bergan bo‘lardim», deydi u.

Namangan viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya markazi ham suv tarkibi haqida ijobiy xulosa bermagan.

«Suvning shifobaxshlik xususiyati shoshilinch xulosa beriladigan jihat emas. Chunki u ma'lum bir kasalliklarga davo bo‘lsa, boshqa bir dardlarni qo‘zg‘ab yuborishi yoki har bir insonning individual ko‘rsatkichlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Demak, ushbu suvning shifobaxsh xususiyati to‘g‘risida ham chuqur laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilishidan tashqari, muolaja amaliyotidagi ko‘p yillik tajribalar natijalariga asosan xulosa berish mumkin. Hozircha, bizning dastlabki tezkor tekshiruvimiz natijalariga ko‘ra, artezian qudug‘idan nasos orqali tortib olinayotgan bu suv iste'molga yaroqsiz ekanligini ma'lum qilishimiz mumkin. Suvning tarkibini chuqur tahlil qilish tegishli ilmiy muassasalar hamkorligida davom ettiriladi», – degan markaz bosh shifokori o‘rinbosari A.Cho‘lponqulov.

Xulosa o‘rnida

Ko‘rib turganingizdek, hozircha suvning shifobaxshligi aniq emas, bu yerdagi suv shifobaxshligi haqidagi gaplar faqat fermerning so‘zlariga asoslangan – suv u aytganidek chindan ham bemorlar dardiga davo bo‘lganmi, yo‘qmi bunisi mavhum. Hatto suv sog‘liq uchun zararli bo‘lishi va uni iste'mol qilish yomon oqibatlarga olib kelishi ham mumkin.

Odamlar esa yuzlab, minglab kilometrlar yo‘l bosib, davo ilinjida suvga intilishda davom etishmoqda, dala o‘rtasida chiqqan suvga hosil bo‘lgan navbatlarning oxiri ko‘rinmayapti. Bu yerdagi tartibsizlikka, yuzaga kelayotgan tiqilinch holatlariga ham e'tibor yo‘q.

Tana bilan birga ruhiyatimizni, madaniyatimizni, odobimizni ham davolashimiz kerakka o‘xshaydi.

O‘ylaymizki, tez kunlarda Chust suvi bilan bog‘liq savollarga javob topamiz.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
tasvirchi: Ahrorbek Yaqubjonov
Namangan-Chust

Mavzuga oid