Jamiyat | 19:26 / 25.05.2019
23125
10 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onning «Kattako‘rpa»sidagi fuqarolar yig‘ini raisi saylovi nega noroziliklarga sabab bo‘lmoqda?

Ayni vaqtda respublika miqyosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi jarayoni davom etmoqda.

Fuqarolar yig‘inlari raislari vakolat muddati tugamoqda. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Senati qaroriga ko‘ra, 2019 yil may oyida fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tkazish belgilandi.

Bu galgi saylov 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonuni asosida tashkil etilmoqda.

Qonun asosida avvalgi saylovlar jarayoniga bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Xususan, fuqarolar yig‘ini raisi bilan bir vaqtda ularning maslahatchilarini saylash tartibi bekor qilindi. Fuqarolar yig‘ini raisi ikki yarim yil muddatga emas, uch yilga saylanadigan bo‘ldi. Shuningdek, saylovda qatnashadigan vakillar soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n ikki foizini tashkil etishi lozimligi, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi faqat yashirin ovoz berish orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Kun.uz tahririyatiga ushbu saylovlar yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Ularning aksariyatida saylovlarda qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgani, saylovni shaffof va xolis o‘tmaganidan shikoyat qilingan.

Mazkur murojaatlar asosida tahririyat muxbirlari o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvlar saytimizda e'lon qilib borilmoqda.

Tahririyatga Kattaqo‘rg‘on tumani «Kattako‘rpa» mahallasi aholisi ham shu mazmunda murojaat qildi.

«Mahallamizdagi bo‘lib o‘tgan saylovda qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yildi. Vakillar soni yetarli bo‘lmasa-da, birovning nomidan ovoz berish holatlari kuzatildi. Ovoz to‘plashda noxolislikka yo‘l qo‘yildi. Biz ushbu saylovdan norozimiz va qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblaymiz», – deyiladi bir guruh fuqarolardan kelgan murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, fuqarolar va fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga mas'ul bo‘lgan mutasaddilar bilan suhbatlashdik.

«Dastlab saylovga ikki nomzod ko‘rsatilgan edi. Saylovdagi ikki  nomzod bo‘yicha saylov byulleteni ham chiqarilgandi. Ammo saylovga bir kun qolganda uchinchi nomzod qo‘shilib, saylov byulleten qaytadan chop etilgan. Uchinchi nomzod qayerdan paydo bo‘lganini haqida bizga tushuntirish ham berilmadi. Saylovda aynan shu uchinchi nomzod saylandi va shu nomzodga ovoz berish haqida saylov jarayonida mahalladagi ishchi guruh raisi A.Boboqulov tomonidan yashirincha targ‘ibot ham qilindi. Ovoz to‘plashda shu tariqa qonun buzilishiga yo‘l qo‘yildi. Vakillar aynan uchinchi qo‘shilgan nomzodga ovoz berishi kerakligi haqida ogohlantirilgan», – deydi biz bilan suhbatda murojaatchilardan biri.

Ma'lum bo‘lishicha, «Kattako‘rpa» mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga Ulfat Qayumov va To‘lqin Ergashev nomzodi ko‘rsatilgan. Dastlab saylov byulletenida ham shu ikki nomzod nomi qayd etilgandi. Ammo saylovga bir kun qolganida Po‘lat Saloxutdinov nomzodi qo‘shilib, saylov byulletenlari qayta chop etilgan. Shu holat noroziliklarni keltirib chiqargan.

Qolaversa, 13 may kuni o‘tkazilgan saylovda aynan shu nomzod saylovda g‘olib bo‘lgan. Murojaatchilar mahalladagi fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh rahbari A.Boboqulov tomonidan Po‘lat Saloxutdinov nomzodiga ovoz berish haqida vakillar orasida yashirincha targ‘ibot olib borilganini ta'kidlamoqda.

Mahalladagi fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh rahbari A.Boboqulov biz bilan suhbatda ushbu e'tirozlarning barchasini rad etdi.

Saylovda g‘olib bo‘lgan Po‘lat Saloxutdinov bilan ham suhbatlashdik.

«Nomzodim saylov kunidan bir necha kun avval qo‘yilgani rost. Saylovga uch nafar nomzod bo‘lgan va biri tasdiqdan o‘tmagan. Shu uchinchi nomzod o‘rniga mahallaning bir guruh nuroniy otaxonlari kelib nomzodimni raislik uchun qo‘yish taklifini aytishdi. Ularning iltimosi bilan rozi bo‘ldim. Ungacha men zaxiradagi nomzod edim», – deydi P.Saloxutdinov.

Ammo «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonunda ham «zaxira nomzod» so‘zini topolmadik. Nomzodlarning shakllantirishi yuzasidan ishchi guruh rahbari A.Boboqulovdan izoh so‘radik. Savolimizga tayinli javob berolmagan ishchi guruh rahbari barcha savolimizga tuman ko‘maklashuvchi komissiyasidan javob olishimizni bildirish bilan kifoyalandi.

Bo‘lib o‘tgan saylov yuzasidan yetarlicha ma'lumot berolmaydigan mas'ul qanday qilib mahalladagi saylov ishchi guruh rahbari bo‘lib faoliyat yuritgani ajablanarli.

O‘rganishimiz davomida murojaatchilarning ta'kidlashicha, saylovda 328 nafar vakil ishtirok etish lozim bo‘lgan. Ammo saylovda 187 nafar vakil ishtirok etgan, qolgan 141 nafar vakil saylovda qatnashmagan. Bu raqamlarni eslab qoling.

«Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonunning 25-moddasida agar fuqarolar yig‘ini raisi saylovida fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topilishi belgilangan.

Murojaatchilar e'tirozi yuzasidan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Kattaqo‘rg‘on tuman komissiyasi raisi Zaynab Berdiyeva va tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sobir Mingboyev bilan uchrashdik.

«Dastlab ikki nomzod bo‘yicha saylov byulleteni chiqarilgani rost. Bu mening xatoyim bilan bo‘lgan. Tuman hokimi tomonidan Po‘lat Saloxutdinov nomzodi ham tasdiqlangan ekan. Shuning uchun saylov byulletenini qayta chop etdik. Mahalladagi saylov qonuniy o‘tgan. Saylov jarayonida tuman hokimi o‘rinbosari Sobir Mingboyev ishtirok etdi. Men sog‘ligimdagi muammolar tufayli saylov yakuni arafasida yetib bordim. Yakunda hech kim saylov yuzasidan e'tiroz bildirmagandi», – deydi Z.Berdiyeva.

Mutasaddilar bizga faqat mahallada o‘tkazilgan saylovning ayrim hujjatlarni taqdim etishdi. Nomzodlar qay tartibda shakllangani, xulosalar va uchinchi nomzodning qanday qo‘shilib qolgani bo‘yicha hujjatlar bilan tanishishning imkoni bo‘lmadi. Bizga taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishar ekanmiz, murojaatchilar ta'kidlagan raqamlar va hujjatdagi raqamlar o‘rtasidagi farq hamda ayrim tushunmovchiliklarga guvoh bo‘ldik.

Birinchidan, murojaatchilar biz bilan suhbatda saylovda 328 nafar vakildan 187 nafari ishtirok etgani, qolgan 141 nafari vakil saylovda qatnashmaganini ta'kidlagandi. Ishchi guruh rahbari A.Boboqulov ham buni tasdiqlab, «vakillar yarmidan oshgani»ni aytgandi. Ammo hujjatda 336 vakildan 286 nafari saylovda ishtirok etgani qayd etilgan. Kim kimni aldamoqda? Murojaatchilar birovning o‘rniga ham ovoz berish orqali vakillar soni sun'iy oshirilganini iddao qilmoqda.

Shuningdek, mahallada Kattako‘rpa va Kichikko‘rpa qishloqlari mavjud. Kattako‘rpa qishlog‘idan 179, Kichikko‘rpa qishlog‘idan 149 nafar vakil shakllantirilgan. 179+149=328. Hujjatda esa 336 nafar vakil qayd etilgan.

Ikkinchidan, hujjatda mahalla raisligiga ikki nomzod bo‘yicha tavsiyalar tayyorlangani yozilgan. Shu bilan birga, uch nafar nomzod ko‘rsatilgan. Bu borada ham chalkashliklar mavjud. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, ishchi guruh rahbari saylov yuzasidan bizga yetarlicha ma'lumot berolmagandan keyin bunday tushunmovchiliklar kelib chiqishi tabiiy holdek, aslida.

Mutasaddilar suhbatimiz yakunida saylov yuzasidan bildirilgan e'tirozlar uch kun ichida o‘rganib chiqilishi, ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligi va natijasi yuzasidan bizga ma'lumot berilishi hamda mahalladagi saylov yuzasidan boshqa tegishli hujjatlar taqdim etilishini va'da berishgandi.

Afsuski, oradan bir hafta vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu borada o‘rganish natijasi yuzasidan mutasaddilar tomonidan hech qanday ma'lumot taqdim etilmadi. Va'da va'daligicha qolib ketdi. Tuman ko‘maklashuvchi komissiya va tuman hokimi o‘rinbosari S.Mingboyev bildirilgan e'tirozlar yuzasidan nega zarur o‘rganish va choralarni amalga oshirmayotgani tushunarsiz hol. Mutasaddilar tomonidan berilgan va'da bajarilmagach, ular tomonidan bu masalaga «saylov o‘tdi, rais saylandi, nima bo‘lsa ham qayta o‘tkazilmaydi, poyezd ketib bo‘ldi», qabilida qaralmoqda, bizningcha.

Tahririyatning mahalla raisligiga ko‘rsatilgan nomzodlarga nisbatan hech qanday xusumati yo‘q. Holat shikoyat asosida o‘rganildi.

Kun.uz saylov jarayoni yuzasidan bir guruh fuqarolar tomonidan bildirilgan e'tirozlar mas'ul tashkilotlar tomonidan qonuniy o‘rganib chiqilishiga ishonch bildiradi va lozim bo‘lsa bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid