Jamiyat | 23:00 / 26.05.2019
31906
7 daqiqa o‘qiladi

«Sukut saqlash huquqiga egasiz» – Miranda qoidasi O‘zbekiston qonunchiligida qanday aks etgan?

Miranda qoidasi O‘zbekistonda 2009 yil 1 yanvardan e'tiboran joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari to‘plami, 2008 yil, № 52, 514­bet).

Miranda qoidasi bo‘yicha hibsga olingan shaxsga uni so‘roq qilishdan oldin albatta:

  • sukut saqlashga haqliligi;
  • aytgan gaplari sudda unga qarshi qo‘llanishi mumkinligi va qo‘llanishi; so‘roqda uning advokati ishtirok etishi mumkinligi;
  • advokat to‘lovini qila olmasa unga davlat tomonidan advokat berilishi tushuntirilishi hamda «haq-huquqlaringiz sizga tushunarlimi?» deb so‘ralishi;
  • o‘z advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qo‘ng‘iroq qilish imkoni berilishi shart.

Miranda qoidasi haqida

Miranda qoidasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida yuzaga kelgan yuridik norma bo‘lib, unga ko‘ra, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni so‘roq qilishdan oldin unga protsessual huquqlari tushuntirilishi kerak. Bu tamoyil 1966 yildagi AQSh Oliy sudi qaroridan kelib chiqadi. Miranda qoidasidan ko‘zlangan maqsad shaxsga o‘z-o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik huquqini (nemo tenetur se ipsum accusare) berish bo‘lgan.

O‘sha vaqtda Arizona shtati politsiyasi Ernesto Mirandani odam o‘g‘irlash va nomusga tegish jinoyatlarini sodir etishda ayblaydi. Politsiya binosida ikki soatlik so‘roqdan keyin Miranda o‘z aybiga iqror bo‘ladi va keyinchalik sudlanadi. Ushbu jinoyat ishi yuzasidan Mirandaning advokati shikoyat keltiradi hamda AQSh Oliy sudi bundan buyon politsiyachilar shaxsni ushlash chog‘ida shartli ravishda nom olgan «Miranda ogohlantiruvi»ni o‘qib eshittirishlarini talab qiladi. Bu qoida ushlab turish sabablarini, ko‘rsatuv berishni rad etish, ushlangan shaxs bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini hamda davlat hisobidan himoyachini taklif etish kabi huquqlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu qoida hech kim o‘ziga qarshi ko‘rsatuv berishga majbur emasligi huquqini ta'minlab berdi. Shu paytdan boshlab, ushlangan shaxsga uning huquqlari o‘qib eshittirilishidan oldin olingan har qanday ma'lumot nomaqbul dalil ekani belgilab qo‘yildi.

So‘roq davomida qo‘lga kiritilgan har qanday ma'lumot, agar u qo‘lga olingan shaxsga uning haq-huquqlari tushuntirilishidan avval olingan bo‘lsa, noqonuniy olingan dalil deb hisoblanadigan bo‘lgan. Bunda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin bo‘ldi.  

AQShdan o‘rnak olib, ko‘plab mamlakatlar o‘z qonunchiliklarida Miranda qoidasini joriy qilishdi. Xususan, O‘zbekiston ham.

Miranda qoidasining ahamiyati haqida

«Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Aytganlaringizning barchasi sizga qarshi sudda ishlatilishi mumkin va ishlatiladi».

Gapirmaslik (yoki ko‘rsatuv berishdan bosh tortish) jinoyatda gumonlanib qo‘lga olingan shaxsning asosiy huquqlardan biridir (O‘R JPK 48-m). So‘roqdan oldin bu huquq tushuntirilishi ulkan ahamiyat kasb etadi, zero aynan hibsdan keyin, advokat ishtirokisiz bo‘lib o‘tadigan so‘roqlar ko‘plab haq-huquqlar buzilishiga olib keladi.  

«Siz advokat bilan maslahatlashish huquqiga egasiz. Advokatingiz so‘roq paytida ishtirok etishi mumkin».

Shaxsiy advokat ishtiroki so‘roqlarning qonun doirasida o‘tishiga zamin bo‘ladi, haq-huquqlar poymol bo‘lishi oldini oladi. Shu bois, mazkur huquqning so‘roqdan oldin tushuntirilishi, buni qonunan majburiy qilib qo‘yilishi so‘roq jarayonida inson huquqlari himoyada bo‘lishining muhim omilidir.

«Agar advokatning xizmatlarini to‘lashga qodir bo‘lmasangiz, u sizga davlat tomonidan taqdim etiladi. Siz ushbu huquqlarni tushundingizmi?»

Jinoyatda gumon qilinuvchining shaxsiy advokati bo‘lmasligi, ya'ni u shaxsiy advokat xizmatini to‘lashga qodir bo‘lmasligi uni advokatsiz so‘roq qilishga imkon bermaydi – tergovchi uni davlat tomonidan beriladigan advokat bilan ta'minlashi kerak. Mazkur me'yor ham tergov jarayonida haq-huquqlar poymol bo‘lmasligiga, noqonuniy harakatlar sodir etilmasligiga xizmat qiladi (JPK 50-m).

«Siz ushbu huquqlarni tushundingizmi?»

Jinoyatda gumon etilgan shaxs tergov oldidan unga aytilgan haq-huquqlarini tushungani tasdiqlanmog‘i lozim. Bu Miranda qoidasining muhim nuqtasi bo‘lib, qoidadan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lishi, rasmiyatchilikka aylanib qolmasligi uchun muhim omildir.

«Qo‘ng‘iroq qilish huquqiga egasiz!»

Jinoyatda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxs «bir marta qo‘ng‘iroq qilish» huquqiga ega bo‘ladi. Ya'ni, u o‘z advokatiga yoki yaqin qarindoshiga qo‘ng‘iroq qilish huquqiga ega va bu imkoniyat unga yaratib berilishi shart (JPK 48-m).  Agar u telefon qilishdan voz kechsa, uni ushlagan mansabdor shaxs uning oila a'zolariga qo‘ng‘iroq qilishi va uning ushlangani, qayerda saqlanayotgani, nimada ayblanayotgani, advokat olish huquqi borligi va boshqa ma'lumotlarni berishi shart.

Bu qoidaning buzilishi, shuningdek, shaxsning himoyasiga doir boshqa huquqlari poymol bo‘lgan holda  so‘roq qilinishi, boshqa tergov harakatlari o‘tkazilishi gumon qilinuvchi (ayblanuvchi, sudlanuvchi) pirovardida oqlanishiga sabab bo‘ladi, to‘plangan dalillar sudda nomaqbul dalil deb e'tirof etiladi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Jinoyat-protsessual kodeks jinoyatni gumonlanuvchining «bo‘yniga ilish» uchun emas, balki, ayblovchi va himoyalanuvchi manfaatlari o‘rtasida hamda jinoyat ishini tez va to‘liq surishtirish va gumonlanuvchi (ayblanuvchi, sudlanuvchi) manfaatlari o‘rtasida balansni ta'minlovchi qonun hujjatidir.

O‘zbekistonda hibsga olishda Miranda qoidasiga amal qilinyaptimi? Mazkur qoida biz guvoh bo‘layotgan qo‘lga olish ishlarida tergov qilish huquqi berilgan idora tomonidan bajarilyaptimi? Bu savollar ochiq.

Keyingi maqolamizda Jinoyat-protsessual kodeksiga oid boshqa masalalarga to‘xtalamiz.

Abduvohid Yakubov

Shokir Sharipov

Mavzuga oid