O‘zbekiston | 12:25 / 30.05.2019
13414
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar «O‘zstandart» va Sog‘liqni saqlash vazirligiga palma yog‘i bo‘yicha so‘rov yubordi

Foto: Shutterstock

Quyi palata deputatlari tegishli qo‘mita bilan birgalikda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash yuzasidan tayyorlangan turli mahsulotlarning sifati, xususan, palma yog‘ining inson organizmiga ta'siri yuzasidan har tomonlama o‘rganishlar o‘tkazish, bu borada tegishli idoralarga so‘rov yuborish hamda mazkur masalani parlament nazoratiga amalga oshirishga kirishdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur masalaga oydinlik kiritib, uni chuqur o‘rganish maqsadida 2019 yil 29 may kuni “O‘zstandart” agentligiga palma yog‘ining ishlatilishini tartibga soluvchi standartlar, tarkibida palma yog‘i bo‘lgan mahsulotlarning turlari, ularning jahon standartlariga mos kelishi hamda amaliyotda uchrayotgan muammolar to‘g‘risida, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligiga palma yog‘ining inson organizmiga ta'siri, uning ijobiy yoki salbiy xususiyatlari, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarning holati, rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasi haqida ma'lumotlar taqdim etish yuzasidan so‘rov yuborildi.

Parlament nazoratini ta'minlash yuzasidan tegishli idoralardan ham mamlakatimizga xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan palma yog‘ining yillik hajmi, turi, qaysi davlatlardan va qanday maqsadda import qilinayotgani haqida ma'lumot berish so‘raldi.

2017 yilning may oyida Yevropa oziq-ovqat standartlari va xavfsizligi tashkiloti oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda keng foydalanilayotgan palma yog‘i tarkibida kanserogen moddalar aniqlanganini ma'lum qildi. Bunda qandolat, xususan, shokolad tayyorlashda keng foydalanilayotgan palma yog‘i 200 darajadan yuqori issiqlikda qizdirilganda undan glitsidil moddasiga ega yog‘li efir kislotasi ajralib chiqqani kuzatilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lum qilishicha, bu kislota genotoksik yoki kanserogen modda bo‘lib, saratonni keltirib chiqaradi va xastalikni avj oldiradi. Natijada bu yog‘ saraton xastaligi to‘qimalari ko‘payishiga va tananing boshqa yeriga ko‘chib o‘tishiga yordamlashadi. Ayniqsa, bunday moddalar organizmi nimjon bolalar salomatligi uchun juda xavfli.

Bugungi kunda parlament Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligiga oid turli masalalar, xususan, xalqimiz sog‘ligiga putur yetkazadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni nazoratga olish yoki ularni import qilishga qarshi kurashish maqsadida amaldagi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ishlari boshlab yuborildi. O‘tkazilgan so‘rov va o‘rganishlar asosida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli xulosa va qarorlar qabul qilinadi. Natijada deputatlarning sohani tartibga solish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli parlament nazorati o‘rnatilishiga asos bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid