O‘zbekiston | 23:09 / 01.06.2019
22937
4 daqiqa o‘qiladi

Maxsus komissiya O‘zbekistonga qaytarilgan vatandoshlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan muqaddas Ramazon oyida Suriya davlati hududidan O‘zbekistonga qaytarilgan 156 nafar vatandoshimizni reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilmoqda. Ziddiyatli hududlardan vatandoshlarimizni ijtimoiy reabilitatsiya hamda sog‘lomlashtirish maqsadida Toshkent viloyati hududidagi sanatoriyda 154 nafar fuqaroga tegishli yordam ko‘rsatilib, 1 nafar fuqaro sog‘lig‘i tufayli shifoxonada davolanmoqda.

“Mehr” dasturini amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko‘ra:

·      Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 10 nafar vatanga qaytarilgan shaxs bilan reja asosida birma-bir suhbat olib borilgan, ularga kelgusida ishga joylashtirish va kasbga tayyorlashga oid tushuntirish ishlari olib borilgan. 45 nafariga "Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi"dan biometrik pasport rasmiylashtirish maqsadida mablag‘ ajratilmoqda.

·      Adliya vazirligi tomonidan 19 ta oila bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat natijasida 36 nafar bolalarning 12 nafari O‘zbekiston hududida tug‘ilganligi aniqlanib, ularning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalaridan ko‘chirmalar olish uchun Adliya vazirligiga ma'lumot taqdim etildi. Qolgan 24 nafar bolaga Chirchiq shahar FHDYo bo‘limi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar berish masalasi yechilmoqda.

·      Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 2 guruh tashkil etilib, 8 nafar tarbiyachi va 6 nafar psixolog tasdiqlangan dastur bo‘yicha o‘z faoliyatini boshladi. 41 nafar 3-7 yoshli bolalarga tarbiyachilar tomonidan turli xil o‘yinlar, mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

·      Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktab yoshidagi bolalar ro‘yxati shakllantirildi va sinflar kesimida taqsimlandi. 37 nafar bolaga portfel va 37 to‘plam o‘quv qurollari va darsliklar tarqatildi. Psixologlar tomonidan diagnostika ishlar olib borildi va bolalar bilan rivojlantiruvchi o‘yinlar o‘tkazildi.

·      Sog‘liqni saqlash vaziriligining akusher-ginekolog, jarroh va endokrinolog mutaxassislari tomonidan 3 nafardan, nevropatolog hamda bolalar ortoped travmatologi tomonidan 2 nafardan bemor, pediatr mutaxassislari tomonidan 40 nafar, stomatologlar tomonidan 153 nafar fuqaro tekshirilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davolash ishlari boshlandi.

·      Ayollar va bolalar “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan oyoq qiyimi bilan to‘liq ta'minlandi.

Shuningdek, 1 iyun - Xalqaro bolalar kuni bayrami munosabati bilan bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari va sovg‘alar berish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tadbirga tegishli davlat tashkilotlari vakillari va homiylar qatnashdi.

Ta'kidlash joizki, o‘tkazilayotgan tadbirlar bo‘yicha barcha xarajatlar davlat tomonidan to‘liq qoplanmoqda.

Mavzuga oid