Jamiyat | 14:00 / 02.06.2019
12616
6 daqiqa o‘qiladi

Namanganda «Gul bayrami-2019» g‘oliblari taqdirlandi

Namangan shahridagi «Uch favvora» xiyobonida 59-an'anaviy «Gul bayrami» festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash hamda tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ochib berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 va 2017 yillardagi Namanganga tashriflari chog‘ida «Gul bayrami»ning shakl-shamoyilini tubdan o‘zgartirish, uning ko‘lamini kengaytirish, viloyatda gulchilikni rivojlantirish yuzasidan bergan ko‘rsatmalari bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilganini ta'kidlagan Bozorov Namangan viloyati tom ma'noda gulga burkangan hamda gulchilik sanoati shakllanayotgan viloyatga aylanib borayotganiga e'tibor qaratdi.

«Festivalni yoritish uchun Turkiyadan kelgan bir mashhur jurnalist, tadbirning ochilish kuni O‘zbekistondagi telekanallardan biriga bergan intervyusida, «gullar juda chiroyli, shahar chiroyli, insonlar ajoyib, yuzi kuladi hammaning, o‘zimni tasavvurimdagi jannatda his qilyapman» degani, Namanganimizga hamda Gullar bayramiga berilgan ajoyib ta'rif bo‘ldi desak, adashmaymiz», dedi o‘z so‘zida Namangan viloyat hokimi.

Xayrullo Bozorov bo‘lib o‘tayotgan tadbirni faqat taqdirlash marosimi sifatida ko‘rishni, balki Bobur bog‘idan joy olgan gullar ekspozitsiyalari Mustaqillik bayramiga qadar bog‘ga va Namanganga kelgan gul ishqibozlarining ko‘zlarini va dillarini quvontirishda davom etishini aytib o‘tdi. Viloyat hokimi gul bayramiga ortayotgan qiziqish haqida gapirib, bu yil ochilish marosimi kuni 150 ming kishi Bobur bog‘iga tashrif buyurganini, 5 kun davomida esa bir milliondan ziyod kishi bayramga kelganini ta'kidladi.

Viloyat hokimidan so‘ng so‘z olgan Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizov, o‘zining iliq va samimiy fikrlari bilan hamyurtlari – namanganliklarni xushnud etdi.

«Dunyoning istalgan mamlakatida zo‘r gulchi chiqibdi, deyishsa, bilingki, uning asli namanganlikdir – yo bu yerdan ko‘chib borgandir, yoki ajdodlari namanganlikdir. Chunki gulni yuragi pok, ma'naviyati yuksak, go‘zallikni yaxshi ko‘radigan, obodlikni o‘z qo‘li bilan yaratadigan insonlargina o‘stiradi», deb san'at arbobi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shasiga hurmat nuqtai nazaridan tiz cho‘kib, Namangan tuprog‘ini o‘pishi yig‘ilganlarning katta olqishiga sazovor bo‘ldi.

So‘ngra g‘oliblarni taqdirlash marosimi boshlandi. 59-an'anaviy «Gul bayrami» festivalida faol ishtirok etgan ellikdan ziyod korxona va tashkilotlar, gulchilar hamda hamkorlar viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda qimmatli sovg‘alari bilan taqdirlandi.

«Gul bayrami-2019»ning asosiy sovrinlari – «Spark» avtomobillariga festivalda eng katta va chiroyli ekspozitsiya tashkil qilgan Namangan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi (boshlig‘i Vahobjon Rajapov) hamda usta gulchi Azizbek Mamajonov loyiq ko‘rildi. G‘oliblarga avtomobil kalitlarini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov topshirdi.

«Gul bayrami» festivalining tantanali yopilish marosimi yirik konsert dasturi bilan davom etdi. O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Alisher Fayz va Yahyo Mo‘minov, taniqli qo‘shiqchilar Bahrom Nazarov, Bahriddin Zuhriddinov, Guli Asalxo‘jayeva, Dilshod Rahmonov, Zulfiya mukofoti laureati Shahnoza Yoqubjonova, xalqaro tanlovlar g‘oliblari Kamron Mamadaliyev va Umid Boborahimov, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri qoshidagi «Toshkent zebolari» raqs guruhi, «Samo» vokal cholg‘u ansambli va boshqa ko‘plab iste'dodli san'atkorlar o‘z ijodlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etishdi.

Bu yil 5 kun davom etgan xalqaro nafosat va go‘zallik tadbiri, bu yil har doimgidan ham keng va shukuhli bo‘ldi.

Bayram tadbirlari bo‘lib o‘tgan Bobur nomli istirohat bog‘i, qolaversa butun Namangan shahri to‘la gul bilan qoplandi. Birgina Bobur bog‘ida o‘tgan yili maxsus kompozitsiyalarni yaratish uchun 3,5 mln tup gul ko‘chati o‘tqazilgan bo‘lsa, bu yil 5 mln tupdan ortiq turli gullar ekildi.

150dan ortiq gulchi-tadbirkorlar, 100dan ziyod korxona va tashkilot tomonidan 60dan ko‘proq turdagi mavsumiy gullar ko‘rgazmasi hamda 100dan ortiq badiiy kompozitsiyalar namoyish etildi.

Gullar bilan bezatilgan 100dan ziyod avtomobil ishtirokida shahar bo‘ylab tashkil etilgan gul paradi, O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va o‘zaro totuvlikka bo‘lgan intilishini yana bir karra namoyish etdi.

Respublika matbuoti bilan birga, festivalga yildan yilga xalqaro miqyosda ham matbuot qiziqishi ortmoqda. Turkiyaning markaziy TRT televideniyesi, Anadolu va IXA axborot agentliklari, «Yyeni Shafak» gazetasi, Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi va «Tszinszi Jibao» gazetasi, Rossiyaning «Sputnik» axborot agentligi, Qirg‘izistonning «Xabar» davlat axborot agentligi, Eronning «Fars news» axborot agentligi muxbirlari 59-Gul bayramini yoritish uchun 4 kun davomida Namanganda bo‘lishdi.

Namangan «Gullar bayrami» aks etgan xabarlar hamda videolavhalarning umumiy auditoriyasi ikki milliarddan oshiq bo‘ldi.

Dilmurod Jumaboyev, Namangandan Kun.uz uchun maxsus
Suratlar muallifi Hamdamjon Mamadaliyev.

Mavzuga oid