Jamiyat | 19:01 / 04.06.2019
9207
3 daqiqa o‘qiladi

Allohga mahbub banda dunyoning qiymatini qalbiga kirgizmaydi

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Haqiqiy zuhd” deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “To‘lqin Akrom o‘g‘li” masjidi imom-xatibi Sahobiddin Sotimov sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix) 

Sahl ibn Sa'ddan (r.a) rivoyat qilinadi:

“Bir odam Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning oldilariga keldi. Va Rasulullohga: “Ey Allohning Rasuli. Bir amalga meni buyuringki, bu amal meni Allohga ham, insonlarga ham suyukli qilsin. Mana shu amal bilan Allohning ham, insonlarning ham muhabbatini qozonay”, dedi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Dunyo ishlarida zohid bo‘lgin, Alloh seni sevadi. Va insonlar o‘rtasidagi narsalarda ham zohid bo‘lgin, insonlar ham sevadi”, dedilar.

Zohid degani, dunyo ishlaridagi matohlarga qiymat bermaslikdir. Ya'ni, dunyodan ehtiyojiga yarasha foydalanish zarur, biroq dunyoni qalbga kiritmaslik darkorligini anglatadi. Mana shunda dunyo qalbga kirmaydigan narsaga aylanadi. Mana shunda Allohning muhabbatini qozonish mumkin bo‘ladi. 

Inson yarim kosa taom bilan to‘yinadi, egni uchun bitta libos bilan usti yopiq bo‘ladi. U hashamatli qasrda hayot qilsa ham, oddiy bir kulbada yashasa ham insonning umri o‘taveradi. Ammo inson mana shu dunyoda Alloh bergan ne'matlarni qalbiga kirgizmasin. Allohning huzurida mahbub bo‘lgan banda dunyoning qiymatini qalbiga kirgizmaydi. Uni Robbidan ustun qo‘ymaydi.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam insonlar o‘rtasidagi narsaga ham qiymat bermagin dedilar. Ya'ni, insonlarning o‘rtasidagi narsani xudbinlik bilan o‘zingniki qilib olishga urinmagin, degan ma'noni anglatadi. Ehtiyojga kerakligini olish, undan ortig‘iga egalik qilishga shoshilmaslik lozim.

Mavzuga oid