Jamiyat | 21:28 / 04.06.2019
46485
8 daqiqa o‘qiladi

Koreya kundaligi: O‘zbeklarning muhojirlikdagi hayoti, vatan sog‘inchi, o‘zbekcha o‘rgatilgan koreyslar va boshqalar haqida

Har yili minglab vatandoshlarimiz rizqini terish uchun Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, BAA, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yo‘l olishadi. Ayrimlar oilasi bilan, ko‘pchilik esa oilasini vatanda qoldirib ro‘zg‘or tebratish uchun uzoq yurtga otlanishadi. Quyida o‘zbeklar Janubiy Koreyada qanday ishlar bilan band, u yerdagi ish turlari, maoshlar, muhojirlarning yashash tarzi, oziq-ovqati va boshqalar to‘g‘risida hikoya qilamiz.

Koreys diyorining minglab vatandoshlarimiz ishlayotgan Jinju, Kimhe va boshqa shaharlarida bo‘ldik. U yerlarda o‘zbekistonlik muhojirlar asosan issiqxonalarda, zavodlarda, qurilishda mehnat qilishadi, ayollar esa Koreyada keng tarqalgan kosmetika do‘konlarida, uy tozalash ishlarida, o‘zbek tadbirkorlari ochgan do‘konlar va oshxonalarda ishlashar ekan.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Avvaliga Jinju shahrida joylashgan guruch qadoqlanuvchi zavodda bo‘ldik. U yerda Andijon viloyatidan kelgan hamyurtlarimiz mehnat qilishayotgan ekan. Xitoydan kelgan guruchlar texnika yordamida qoplarga teng taqsimlanadi. Buni ishchilar nazorat qilishadi. Tayyor bo‘lgan qoplarni o‘sha yerda o‘rnatilgan robot-apparatlar maxsus joyga taxlab boradi. Taxlangan qoplar maxsus qurilmalar orqali yuk mashinalariga joylanadi va kerakli manzillarga jo‘natiladi.

Bir qarashda yengil ko‘ringan bu ishning o‘ziga yarasha qiyin tomonlari ko‘p. Xitoydan haftasiga tonnalab guruch keladi. Ularni vaqti-vaqti bilan yuk mashinalaridan tushirish chog‘ida chang ichida ishlashga to‘g‘ri keladi.

Asaka shahridan kelgan Davlatbek va Muslimbek zavoddagi mehnat faoliyati haqida gapirib berishdi. Davlatbek O‘zbekistondaligida maktabdan so‘ng kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirgan. U yerni tamomlagach, tayinli ish topa olmagach, Koreyaga yo‘l olishga majbur bo‘lgan. Muslimbekda ham shunga o‘xshash vaziyat. Ikkisi ham Jinjuga imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, mehnat shartnomasi asosida kelishgan.

Ular guruch qadoqlash zavodida bir yildan beri mehnat qilib kelishmoqda. Koreyada ishlashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ba'zan kechasi bilan ishlashga ham to‘g‘ri keladi. Odatda zavodda ertalab soat 8:00dan kechki soat 5:00gacha ish vaqti bo‘lib, shanba-yakshanba kunlari dam olinadi. Tayyor bo‘lgan mahsulotlar Koreyaning turli hududlariga tarqatiladi va hatto Afrika qit'asining ba'zi davlatlariga insoniy yordam sifatida ham yuboriladi. Mehnatga yarasha yetarli miqdorda maosh beriladi. Koreyada yashash ehtiyojlari va boshqa xarajatlardan tashqari uyga yuborish uchun taxminan 1500 AQSh dollari atrofida pul ortadi. Ba'zan doimiy tarzda ish bo‘lib tursa, bu miqdor 2000 AQSh dollarini tashkil etishi ham mumkin.

«Yurtimizda ta'lim tizimida ko‘proq islohotlar bo‘lishini xohlayman. Koreyada ta'lim tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yerda rostdan ham yaxshi pul topasiz. Topgan pulingizni o‘zingizdan orttirib boshqa rejalarga yo‘naltirishingiz mumkin.

Lekin oilangizdan, vataningizdan uzoqda topgan pulingiz unchalik tatimaydi. Qani endi shunday sharoitlar bizning yurtimizda ham bo‘lsa, chetga chiqmay mehnat qilardik. Bu yerlarga kelib ishlash bizga ham havas emas. Yurtimiz gullab-yashnashini Allohdan so‘raymiz va yurtboshimiz islohotlari ro‘yobga chiqishini kutib qolamiz», - dedi Muslimbek.

Shundan so‘ng, Jinju shahridagi boshqa o‘zbek muhojirlari ishxonasida bo‘ldik. U yerda ham asosan Andijon va Namangandan kelgan vatandoshlarimiz ishlashar ekan. Bu ishchilar og‘ir sanoatda mehnat qilishadi. Texnikalarga detallar ishlab chiqaradigan zavodda smena bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, bir guruh ishchilar ikki hafta davomida kunduzi mehnat qilishsa, ikkinchi guruh kechasi bilan ishlaydi. Har ikki haftada smena almashadi.

Mehnati juda og‘ir, lekin shunga yarasha maosh to‘lanadi, ularga yotib ishlashlari uchun joy va oziq-ovqat masalasi zavod tomonidan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ovqatlarni talabga qarab o‘sha yerdagi koreys oshpaz ayoli tayyorlab beradi. Nonga o‘rgangan o‘zbeklarimiz non pishirgichlar ham sotib olishgan.

«Oilaliman, bir o‘g‘il va bir qizim bor. Qizim bu yerga kelganimdan so‘ng, 2018 yilning dekabr oyida tug‘ilgan. Hali uni ko‘rmadim. Oilam bilan telefonda «imo» orqali gaplashib turibman. Xudo xohlasa keyinroq uyga qaytsam, qizim bilan birinchi marta yuzma-yuz ko‘rishsam kerak», - deydi Akmaljon.

Jinjudan chiqib Kimhe shahriga bordik. Bu shaharda har qadamda o‘zbekistonlik vatandoshni uchratish mumkin. Bu yerda o‘zbek tadbirkorlari ham o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olishgan. Ular asosan ishsiz yurgan o‘zbekistonliklar yoki Koreyada tahsil olayotgan talabalarga ish taklif qilishadi. Misol uchun, o‘sha yerda ta'lim olayotgan talabalar tushlikkacha o‘qiydi, undan keyin kelib do‘kon yoki o‘zbek oshxonalarida ishlashadi. O‘zbek tadbirkorlari ularga o‘qish vaqtlarini hisobga olgan holda yetarli sharoitlar qilib berishgan.

Bu yerda o‘zbekistonlik ayol tadbirkorlarni ham uchratdik. Ular asosan kosmetika savdosi bilan shug‘ullanishadi. Ular o‘sha yerda yashaydigan koreys ayollari bilan hamkorlikda do‘konlarni ijaraga olishgan. O‘zbek ayollarimiz hatto ba'zi koreyalik hamkasblariga o‘zbekcha so‘zlarni ham o‘rgatishgan. Xullas, tinib-tinchimagan o‘zbeklarimiz o‘sha yerlarda ham o‘z hayotini yo‘lga qo‘yishgan.

Odatda, Koreyada ishlar taxminan soat 5-6larda tugaydi. O‘zbeklar ijaraga olingan yoki ish joyi bergan uylariga qaytishgach, uy ishlari bilan band bo‘lishadi. Kimdir katta supermarketlarga chiqib ro‘zg‘origa xarid qilsa, kimdir to‘plab qo‘ygan pullarini O‘zbekistonga yuboradi. Ba'zilari ovqat tayyorlasa,  boshqalari shu yerga birga kelgan yoki ishlash jarayonida tanishgan qadrdonlarinikiga mehmonga boradi.

Menga Koreyada ishchilarga yaratilgan bir sharoit yoqdi. Koreyada asosan o‘rta qatlam mehnatni tik turgan holda amalga oshiradi. Tabiiyki, bunday ishlash jarayonida tanada, ayniqsa oyoqlarda zo‘riqishlar paydo bo‘ladi. Deyarli har bir mahallada jismoniy mashqlar qilish, ko‘ngil yozish uchun maydonchalar qurilgan. Oyoqning pastki qism chigallarini tarqatuvchi toshli yo‘lakchalar yotqizilgan. U yerda ishdan qaytgan o‘rta yoshlilarni ko‘p uchratish mumkin. Turli shaklda yotqizilgan toshlarda yurib oyoqlarga dam beriladi. Buni zamonaviy tibbiyot ham tavsiya qiladi.

Men yashagan hududdagi o‘zbeklarimizga juda havas qildim. Muhojirlikda yurgan o‘zbeklar bir-biriga mehribon, ish masalasida yordam qilishga intiladi. Endigina ishlashga borgan, Koreya haqida deyarli hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan yurtdoshlar ham ko‘chada qolmaydi. Agar O‘zbekistondan kimdir bu shaharlarga borib qolsa tezda xabar topishadi. Albatta xonadonlariga bir piyola choyga taklif qilishadi.

Lekin bu Koreya diyori haqidagi tasavvurlarimizning bir tarafi, ikkinchi tarafi haqida keyingi materiallarimizda to‘xtalamiz.

Zafarbek Solijonov,

Janubiy Koreya

Mavzuga oid