Jamiyat | 21:54 / 05.06.2019
29002
8 daqiqa o‘qiladi

«Yomg‘ir yog‘ar...». Shahrisabzdagi tarixiy mahalla ko‘chalariga yurib emas, suzib kirilmoqda

Joriy yil O‘zbekistonda yog‘ingarchilik mavsumi ancha uzoq davom etdi. Bahor faslining aprel-may oylaridan boshlangan yog‘ingarchilik, iyun oyining ilk kunlarida ham davom etmoqda. «O‘zgidromet» markazi ma'lumotlariga ko‘ra, mart va aprel oyida respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchilik miqdorini o‘tgan yillarga nisbatan 1,5-2 barobar, ayrim hududlarda 3 barobargacha ko‘p bo‘ldi. O‘zbekiston hududi ustida janubda hosil bo‘lgan nam havo oqimlari Rossiyaning Yevropa hududidan kirib kelgan nisbatan sovuq havo oqimlari bilan doimiy ravishda qo‘shilib turdi. Havo oqimlarining bunday bir-biriga qo‘shilishi kuchli jala hosil bo‘lishi uchun qulay sharoitlar yaratdi. May oyida oylik o‘rtacha havo harorati aprel haroratidan 6-8 darajaga yuqori bo‘ldi. Bu oyda ikki-to‘rt marta sovuq va issiq havo oqimlari almashinishi kuzatildi.

Suv toshqinlari vaqtida Qamashidagi ko‘prik buzildi

Ana shu yog‘ingarchiliklar sabab O‘zbekistonning turli hududlarida sel kelishi, markaziy ko‘chalarni suv bosish holati ko‘p kuzatildi. Masalan, kuni kecha yog‘gan yomg‘ir oqibatida Jizzaxdagi mahallani suv bosgan bo‘lsa, Toshkentda aeroport tomidan chakka o‘tdi. Bahor oyida yuz bergan toshqinlar esa aholiga jiddiygina moddiy ziyon yetkazdi. Ana shunday holatlar Qashqadaryo viloyatining ko‘plab tumanlarida ham yuz berdi. Masalan, viloyatning Qamashi tumanida kuchli yomg‘ir va sel kelishi ko‘priklarni vayron etgan bo‘lsa, Chiroqchi tumanidagi ayrim mahallalardagi tomorqalarga suv toshib kirdi.

Bu hodisalarga asosiy sabab, birinchidan, kuchli yomg‘ir yog‘ishi va sel ofati bo‘lsa, ikkinchidan, mazkur tumanlarning tabiiy ofat xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda joylashganidadir. Ammo Shahrisabz shahridagi markaziy va qadimiy mahalla ko‘chalarini suv bosishi, tushunarli bo‘lsa-da, biroz g‘alatidek...

Shahar hududida joylashgan «Kulollik» mahallasi, aytish mumkinki, shahardagi markaziy mahallalardan biri hisoblanadi. Mazkur mahallada joylashgan Qunduzak ko‘chasi, mana, necha yillardan buyon, aniqrog‘i, ko‘cha bo‘lganidan beri asfaltlash, ta'mirlash nimaligini ko‘rmagan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Oqibatda bu yilgi yog‘ingarchiliklar natijasida ko‘cha yuzini chunonam suv qopladiki, xonadonlar oldi, hatto hovlilar ham suvga g‘arq bo‘ldi.

- Aslida, Shahrisabz xalqi biror muammo yuzasidan biror joyga shikoyat yoki murojaat qilib ketavermaydi. Buni andisha hisoblashadi, - deydi mazkur ko‘chada istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri. – Ammo pichoq borib suyakka qadalgach, noiloj qolarkansan kishi. Mana shu ko‘cha barpo qilinganiga 60 yildan oshdi. Shu paytgacha ta'mirlanmadi, asfalt qilinmadi. Oqibati nima bo‘ldi? Shunday tarixiy shahar hududida joylashgan mahalla ko‘chasi ayanchli holatga kelib qoldi. Yog‘ingarchilik paytlari piyoda yurishni qo‘ya turing, hatto mashinada yurish ham mashaqqatga aylandi.

Bizning suratga olayotganimizni va tahririyatdan tashrif buyurganimizni eshitgan ayollardan bir guruhi yonimizga yaqin kelib, shunday dedi: «Shahrisabz shahri qayta ta'mirlanib, yangi qiyofaga kirishini eshitib, juda xursand bo‘lgandik. Mahallamiz ko‘chalari ravon bo‘ladi, toza ichimlik suvi olib kelinadi deb, boshimiz osmonga yetgandi... Ammo oradan shuncha vaqt o‘tibdi hamki, bu orzular ro‘yobi hech amalga oshmayapti. O‘n yillardan buyon yer ostidan chiqadigan loyqa va salomatlik uchun zarar bo‘lgan suv ichamiz. Uning yaroqsizligini bilamiz, ammo boshqa ilojimiz bo‘lmagani sabab, yerdan suv qazib ichamiz. Xuddi o‘rta asrlardagidek. Oqibatda salomatligimiz kundan-kunga yomonlashib bormoqda. Bunga ham chidayapmiz. Ammo ko‘chamizda suv toshib, hovlilarimizgacha kirishi, devorlarimiz osti suvga ko‘milib turishi bizni xavotirga solmoqda. Chunki, Xudo ko‘rsatmasin, biror falokat yuz bersa, nima bo‘ladi?

Moddiy ziyon ko‘rsak, uni kim qoplaydi?

Qunduzak ko‘chasida istiqomat qiluvchilarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘chaning yuqori qismida joylashgan va unga tutash Kapkon ko‘chadan keladigan suv Chilonzor (sobiq Sheroziy) ko‘chasidagi katta ariqqa borib quyilgan va suv toshish holatlari kuzatilmagan. Ammo ayni paytda suv yo‘li berkitib qo‘yilgan va Kapkon ko‘chadan keladigan suv o‘z yo‘nalishini Qunduzak ko‘chaga qaratib, suv toshqiniga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, odamlarning fikriga ko‘ra, mahalla raisi bu kabi ishlarda bosh-qosh bo‘lishi, muammolarni o‘rganib, tegishli tashkilotlarga tashabbus va aniq reja bilan chiqishi darkor. Ko‘chada bo‘layotgan muammo yuzasidan «Kulollik» MFY raisi Abduhakimova Jamiladan izoh olishni istadik, biroq oqsoqolni hech qayerda uchratishning imkoni bo‘lmadi. Hatto telefon orqali bog‘lanish rejasi ham chippakka chiqdi.

Shundan so‘ng, Shahrisabz shahri hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Obid Rahmonov bilan suhbatlashdik.

- Shahrisabz shahrida joylashgan Amir Temur qal'asi ichidagi mahallalarni kanalizatsiya va toza ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun 6 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Asfalt ham tayyor. Quruvchi bilan ham shartnoma qilingan. U 30 foiz ishlarni o‘z hisobidan bajarishga ham tayyor. Muammo viloyat «Suvoqova» tashkilotining Moliya vazirligidan yuqorida aytilgan mablag‘ni olishida bo‘lyapti. Pul kelib tushmayapti...

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, muammo mahalla yoki tuman kesimida hal bo‘lmaydi. Shahar hokimiyati mahalla ko‘chalarining kanalizatsiya ishlarini amalga oshirishga, toza suv tortib kelishga va ko‘chani to‘liq ta'mirlashga tayyor, barcha imkoniyatlar yetarli, faqat Moliya vazirligidan ko‘rsatilgan va zarur mablag‘ ajratilsa, ishlar boshlab yuboriladi.

Bugun umumiy gaplardan qochib, kichik bo‘lsa-da, amaliy harakatlar bilan natija ko‘rsatadigan davrda yashayapmiz. Bir muammoni aniqlab, uning yechimini ijobiy hal etish oson bo‘lmayapti. Shahrisabz dunyoga yuz tutmoqda, uni bilmagan bilmoqda, bilganlar kelib ko‘rmoqda. Aytish mumkinki, shaharda qilingan ishlar kishi aqlini shoshiradi, bu esa uning ortida qanchadan-qancha mehnat yotganini anglatadi. Biroq har bir islohotning tub zamirida inson omili, uning manfaati yotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqorida keltirib o‘tganimiz muammo, uni hal etishga arziydi va bu tezda amalga oshiriladigan ish hamdir.

Kun.uz mazkur holat yuzasidan voqealar rivojini kuzatishda davom etadi va ushbu muammoga daxldor har bir tashkilot mazkur masalaga vijdonan yondashadi deb umid qiladi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid