Iqtisodiyot | 18:37 / 09.06.2019
7242
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiya forumida umumiy qiymati 320 million dollarga teng 39 ta hujjat imzolandi

7-8 iyun kunlari Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Doing business with Namangan” xalqaro investitsiya forumida umumiy qiymati 320 million dollarga teng 39 ta hujjat imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Seksiya majlislarida Namangan viloyatida sanoat, qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi, innovatsiya va turizm sohalarini rivojlantirishga doir ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Seksiya majlislaridan so‘ng Namangan viloyatining turli sohalardagi eksport mahsulotlari ko‘rgazmasi hamda “B2B” va “B2G” shakllaridagi muzokaralar o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari “Istiqlol dizayn”, “Art Soft Teks”, “Merrimed farm”, “Chortoq mineral water”, “Ideal”  kabi Namangan viloyatining eksportga yo‘naltirilgan yirik kompaniyalari faoliyati bilan tanishdilar.

Shuningdek, Namangan viloyati hokimiyatida Hindiston, Rossiya, Avstriya, Xitoy, Eron, Singapur, BAA, Quvayt, Ummon, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa davlatlarning yirik kompaniyalari vakillari bilan alohida muzokaralar ham tashkillashtirildi.

Xususan, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘tkazgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati Avstriyaning «AMe International GmbH» va «AVK GmbH» kompaniyalari vakillari bilan 10,5 million AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit jalb etgan holda Namangan viloyati kardiologiya markazining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish bo‘yicha uch tomonlama Memorandum imzoladilar.

Hindistonning “Ultimate Investment” kompaniyasi raisi M.Gupta bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra Namangan viloyati hokimiyati bilan mehmonxonalar va biznes markazi qurish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million AQSh dollari bo‘lgan bitim imzolandi.

Xitoyning “Yantag Jimpeng Mining” kompaniyasi bilan Pop tumanida foydali qazilmalar qazib olish bo‘yicha 40 million dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Rossiyaning “Torgoviy dom Tavifa” kompaniyasi bilan to‘qimachilik mahsulotlari eksporti bo‘yicha 30 million dollarlik kelishuvga erishildi.

Forumning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra umumiy qiymati 170 million AQSh dollariga teng 24 ta investitsiya bitimi va eksport shartnomalari imzolandi. Ikkinchi kuni yana 15 ta bitim imzolandi. Jami umumiy qiymati 320 million AQSh dollariga teng 39 ta hujjat imzolandi.

Forum doirasida Namangan viloyati hokimligi tomonidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda mintaqada birinchi bor eksport qiluvchilarni qo‘llab quvvatlaydigan va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari katalogini o‘z ichiga oladigan madeinnamangan.uz portali ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

Mavzuga oid