O‘zbekiston | 00:00 / 09.06.2019
119574
4 daqiqa o‘qiladi

Yusupov ishi: iddaolarga mos bo‘lmagan rasmiy bayonot yana paydo bo‘ldi

Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupovga  tergov davomida jismoniy qiynoq yoki ruhiy tazyiqlar bo‘lmagan, deya xabar tarqatdi Bosh prokuratura axborot xizmati. 

10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi («Firibgarlik») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanib, qo‘lga olingan  jurnalist Said-Abdulaziz Yusupov o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan fuqarolardan 65 ming, 28 ming va 15 ming AQSh dollari olganlikda gumon qilinmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlar, bir qator elektron va bosma nashrlarda tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan jurnalistning ukasi Muhammad Bahouddin Yusupov esa tergovga qadar e'lon qilinmagan Said-Abdulazizning videomurojaatini ijtimoiy tarmoqqa yuklagandi

Jurnalist videomurojaatdagi o‘z so‘zida har gal Prezidentning islohotlarini qo‘llab-quvvatlashi, ammo bu harakatlari uchun bosimda qolayotganini aytgan. Xususan, Yusupov o‘zining qamalishi yoxud hayotiga xavf yetishi kabi farazlarni ilgari surib, Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan. 

Tergovda bo‘lgan Said-Abdulaziz Yusupovning salomatligi yaxshi emasligi haqida uning yaqin qarindoshlari ilk ma'lumotlarni tarqatdi. Ayblanuvchining turmush o‘rtog‘i Dilfuza advokat Alimardon Shoymardonovga iqtibosan aytishicha, Yusupov qayta-qayta murojaatlardan so‘ng, uchrashishga muvaffaq bo‘lgan advokatiga «operlar uni urib, ichini to‘kib yuborgani»ni bildirgan.

«Respublika Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali tomonidan o‘tkazilgan 16.05.2019 yildagi xulosasida S.Yusupovda qon-tomir kasalligi aniqlangan bo‘lsa-da, ayblanuvchining salomatligi holati unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi va tergov harakatlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi ko‘rsatilgan» -  deyiladi Bosh prokuraturaning bayonotida .

Shunga qaramay, advokat Yusupovning tanasida ko‘kargan va shishgan, qizargan joylari paydo bo‘lganini ko‘rgani haqida Dilfuzaga aytgani iddao qilindi. 

Said-Abdulazizning onasi, yaqin qarindoshlari va huquq himoyachilari, jumladan Malohat Eshonqulova va Yelena Urlayeva tergovda xolislik va ochiqlik talab qilib, Bosh prokuratura binosi oldida tinch norozilik piketini o‘tkazishini bildirgandi. Belgilangan tadbir kutilgandek 7 iyun kuni amalga oshmay, turli vajlar bilan tuman IIBga chaqirtirilgan huquq himoyachilari namoyishda ishtirok etisholmadi. 

Shundan so‘ng, 8 iyun kuni Bosh prokuratura advokat Shaymardonov va tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror Rahmatullayev ishtirokida mutaxassis-shifokorlarni jalb qilgan holda ayblanuvchi Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani haqida ma'lumot tarqatdi. 

«S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shaymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirishida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganligini, hozirda kasalligi bo‘yicha tegishli dori vositalari va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganligini bildirdi», - deyiladi Bosh prokuraturaning  axborotida. 

Ma'lumot uchun, Said-Abdulaziz Yusupov ijtimoiy tarmoqlardagi keskin bayonot va turkum ko‘rsatuvlari bilan mashhur bo‘lgandi. Uning muallifligida e'lon qilingan «Oq va Qora» turkum ko‘rsatuvida mamlakat rahbari siyosatini qo‘llab-quvvatlashga chorlov bo‘lishi bilan birga, islohotlarning samarali olib borilishiga xalaqit qiluvchi kamchiliklar e'tirof etilgan. Shuningdek, Yusupov bir qator tahliliy va tanqidiy maqolalar bilan OAVda chiqishlar qilib keladi.

Mavzuga oid