O‘zbekiston | 22:00 / 14.06.2019
43478
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: Abdusamatov tomonidan ayblangan DXX xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan

Bugun, 14 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida «2019 yilning dastlabki 5 oyi mobaynida prokuratura organlari faoliyati» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda Kun.uz muxbiri tomonidan Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov ishi bo‘yicha savol berildi: «Sobiq hokimning ayblovi bo‘yicha DXX xodimlariga jinoyat ishi ochilganmi?».

«Abdusamatov ishi yuzasidan sud o‘z hukmi bilan munosabatini berdi. Uyushtirilgani haqidagi gapni ikkinchi tomonlarning vaji sifatida qabul qilish mumkin. Buning faktini hali isbotlash kerak.

Abdusamatovga nisbatan 210-moddasi («pora olish») jinoyati alomatlari isbotini topmay, ayblovdan chiqarildi. Sud tomonidan baho berilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi bo‘yicha hukmning o‘zi «uyushtirilgan» degan gapni istisno etadi.

Xususiy ajrim masalasiga kelsak, o‘sha pullarni qaytarish sudning vakolatiga kiradi. Buni prokuratura nazorat qilmaydi. Hujjat qaysi tashkilot tomonidan berilsa, o‘sha organ nazorat qiladi. Ya'ni, buning axborotini suddan so‘rash to‘g‘riroq bo‘ladi. Jinoyat ishida kvalifikatsiya o‘zgardi. Sud tomonidan pora olish aybi chiqarib tashlangandan so‘ng, pora predmeti sifatida aytilayotgan 400 ming AQSh dollari oila a'zolariga topshirildi», deya prokuratura xodimlarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

1 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Yunusobod tumanining sobiq hokimi v.b. Baxtiyor Abdusamatov ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgandi.

Dastlab Baxtiyor Abdusamatov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 210-moddasida (pora olish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edi. Biroq Toshkent prokurori yordamchisi Sardor Ahmedov pora olish to‘g‘risidagi ayblovni bekor qilish to‘g‘risida da'vo kiritgan va undan bu modda olib tashlangandi.

Baxtiyor Abdusamatov o‘zining qo‘lga olinishi DXXning sobiq rahbarlari tomonidan uyushtirilganini taxmin qilgandi.

«Bir narsani aytishni xohlayman. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan boshlab sakkiz oy davom etgan turli harakatlar, ayniqsa tergov harakatlarigacha, — bularning barchasi «korrupsion sensatsiya» uchun qasddan Davlat xavfsizlik xizmatining ayrim sobiq rahbarlari tomonidan amalga oshirildi. Bu mening taxminim», — degandi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida hokimning pora olayotganda qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarlar ushbu taxminning asosiy dalilidir.

«Kimdir yolg‘ondan shon-shuhratga ega bo‘lishni xohladi va bu ishni… Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov, boshqarmalarning sobiq rahbarlari amalga oshirdi», — degandi Baxtiyor Abdusamatov.

Mavzuga oid