O‘zbekiston | 14:20 / 14.06.2019
17926
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Mintaqaviy xavfsizlik masalasi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining keng doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a'zo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga e'tibor qaratib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirdi. Jahon bozorida raqobat keskinlashib, ekologik va demografik muvozanatsizlik yuzaga kelayotgani, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik xavfi saqlanib qolayotganini qayd etdi.

- Bugun xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha muvofiqlashgan siyosat yuritish, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Markaziy Osiyodagi barqarorlik va ochiqlik keng hamkorlik hamda muhim mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani ta'kidlandi. «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘li qurilishi shunday muhim loyihalardan biri bo‘lib, savdo aloqalari va investitsiya oqimiga kuchli turtki beradi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasiga e'tibor qaratar ekan, Prezidentimiz bu ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq ekanini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida «ShHT - Afg‘oniston» muloqot guruhining «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi, ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlikka faol jalb etilishi muhimligini ta'kidladi.

«Aqlli» qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni tatbiq etish sohasiga doir konsepsiya ishlab chiqish, resurs tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ShHTning «yashil belbog‘i» dasturini qabul qilish taklifi bildirildi. 

Shavkat Mirziyoyev xalqlarimizning tarixiy-madaniy merosi targ‘ibotini kuchaytirish, turizm salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish muhimligini ta'kidlar ekan, har yili a'zo mamlakatlar shaharlaridan birini ShHTning turistik va madaniy poytaxti deb e'lon qilishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari ShHT doirasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yashil texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlashga doir takliflar bildirdi.

Mavzuga oid