O‘zbekiston | 12:00 / 14.06.2019
43791
8 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov: direktorlarni qamash taklifini berishdan avval ularga halol ishlashlari uchun sharoit yaratib berish kerak

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov feysbukdagi rasmiy sahifasida bugungi kunda xalq ta'limi tizimida uchrayotgan muammolar xususida so‘z yuritdi.

Uning fikricha, ba'zi maktablar nufuzining yuqori bo‘lishi ta'lim muassasasi direktorining faoliyatiga bog‘liq. Ma'lum bir nufuzli maktablar muntazam ravishda tekshirilib, ularning faoliyatida kamchiliklar topishga harakat qilingan. Maqsad - bu orqali kimnidir mazkur maktabga kiritishni tezlashtirish bo‘lgan. Hozirgi qonunchilik va moliyalash tizimida istalgan nufuzli maktab direktorini qamash mumkin. Shu tufayli ular “qo‘ng‘iroqchi”larni maktabga joylashgan.

“Poytaxtimizdagi davlat maktablari direktorlari oyiga 2,5 mln. so‘m ishlab topadi ($300 kamroq). Ularda xususiy maktab direktorlariga nisbatan yuklama va stress bir necha bor yuqori. (Toshkentdagi xususiy maktab direktorlarini men davlat xizmatiga taklif qildim, ammo ular $3000 –$5000 oylikni ortiqcha stresslarsiz va dam olish kunlarida dam olgan holda topishlarini aytib o‘tib, rad javobini berishdi).

Men mazkur maktab direktorlarining hammasi farishta ekanligi fikridan yiroqman. Shubhasiz, bu direktorlar maktabning yuqori natijaga erishishida hissasi juda katta. Shu tufayli barcha mazkur maktablarga intiladi va ularda o‘quvchilar soni ko‘p. (Biz kamida ularni himoya qilishimiz kerak, sababi koeffitsiyenti kichik bo‘lgan noloyiq direktorlar bor hamda ularning o‘rniga yaxshi kadr topish qiyin). Biz ularning faoliyati uchun yaxshi sharoitlar yaratmasak (hozirgi maktab budjeti bilan buni amalga oshira olmaymiz), faqat jazolasak (mikrohudud tashqarisidan bolani joylagani uchun direktorlarni qamash bo‘yicha ko‘plab takliflarini o‘qidim) ular boshqa sohaga yoki xususiy maktablarga ketib qoladi. Ularning ortidan esa direktor tomonidan yaratib bergan sharoit uchun faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar ketadi. Bu vaziyatdan kim yutadi?”, deb yozadi u.

Vazirning yozishicha, shu bilan birga, talab yuqori bo‘lmagan maktablarga ahamiyat berilmagan.

“O‘tgan yili bu muammoni o‘rganishni boshlaganimizda, Toshkent shahrida 77 tadan ko‘p maktablar (25%) 1 koeffitsiyentidan past bo‘lgan, ya'ni quvvatiga nisbat o‘quvchilar kam tahsil olgan. Ularga o‘z faoliyatlarini to‘liq o‘zgartirishlari va o‘quvchilar sonini oshirish yoki lavozimlarini bo‘shatish vazifasi qo‘yilgan edi”, deya ta'kidlaydi Shermatov.

Sherzod Shermatovning fikriga ko‘ra, dunyoda barcha maktablar bir xil sifatga ega bo‘lgan mamlakatlar soni kam. Singapurda bunga davlat maktablarini xususiy muassasalarga nisbatan yaxshi moliyalash hisobiga erishilgan. Bundan tashqari, Singapur hududiy jihatdan kichik mamlakat hisoblanadi.

“Bizda qanday? Ha, mustaqillik yillaridan beri ilk bor Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli o‘qituvchilarning oyliklari ikki bosqichda oshirildi. Ammo 25 yil davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bir yil ichida hal etishning imkoni yo‘q. Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida bosqichma-bosqich tizimdagi oyliklar oshirib borilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatimizning iqtisodi xufiyona sektorga to‘g‘ri keladi. Shu bois hozirda maktablarning xarajatlarini davlat budjeti hisobidan qoplash imkoniyati yo‘q”, deya qayd etadi Sherzod Shermatov.

Xalq ta'limi vazirining bildirishicha, davlat budjetining 16% xarajatlari maktab ta'limiga yuboriladi. Bu har bir o‘quvchiga yiliga 2,9 mln. so‘m yoki oyiga 246 ming so‘mni tashkil etadi. Toshkentdagi xususiy maktablarda ota-onalar har oy bu miqdordan 10 baravar ko‘p (British School, TIS va boshqa xalqaro maktablarni hisobga olmasa, u yerda to‘lov miqdori 50-70 baravar ko‘p). Agar davlat budjeti real iqtisodiyotni (jumladan xufiyona sektorni) qamrab olsa va maktablar xarajatlar hajmi 16% da qolsa, davlat maktablarining moliyalash hajmini 2 baravarga oshirish mumkin.

“Bu uchun vaqt talab qilinadi. Men bu maqsadlarga erishamiz, deb umid qilaman. Hozircha, malakali direktorlarga rasman ishlashlari noqonuniy faoliyatga nisbatan manfaatli va oson bo‘lishini ta'minlashimiz lozim. Maktab rahbarlariga normal oylik qilib bermasak, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha gaplarimiz gap bo‘lib qolaveradi”, deydi Shermatov.

Vazirning ta'kidlashicha, keyin ulardan daromad deklaratsiyasi talab qilish va Kuzatuv kengashi hamda OAV ishtirokida korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablariga rioya qilish bo‘yicha jamoat nazoratini kuchaytirish mumkin.

“Bu mablag‘lar maktabning budjetdan tashqari fondiga tushadi, davlat budjetiga emas. Bu mablag‘ning 60%gacha maktab Kuzatuv kengashlari direktor va o‘qituvchilarning mehnatini rag‘batlantirishga bemalol yubora oladi. Ya'ni, direktorlar noqonuniy daromad topish yoki maktab masalalari (kichik ta'mirlash, tekshiruvlar va h.k)ni qanday yopishni o‘ylamaydi. Aksincha, ular shaffof moliyaviy tizimga o‘tadi.

Bu mikrohududdan farzandini nufuzli maktabga bepul joylashtirgan ota-onalarga ham yuklamani kamaytiradi. Maktablarning o‘z mablag‘lari bo‘lsa, turli jamg‘armalarga, ta'mirlash va boshqa maqsadlarga pul yig‘ilmaydi. Bu esa avvalgi korrupsiya elementlari bo‘lgan birinchi sinfga qabul tizimida mavjud bo‘lmagan o‘ziga xos “ijtimoiy lift” vazifasini bajaradi”, deya fikr bildiradi Shermatov.

Ta'kidlanishicha, direktorlar maktabda joy bo‘lmasligiga qaramay, qo‘shimcha kvotalar ochish imkoni bo‘lmaydi va ular o‘z tajribalarini koeffitsiyenti past maktablar bazasida o‘z tarmoqlarini tashkil etgan holda tatbiq etishga qiziqishlari ortadi.

Vazirning ma'lumot berishicha, o‘tgan yili 42-maktabning 42A-tarmoq maktabini 115-maktab qoshida tashkil etish bo‘yicha pilot loyihasi amalga oshirildi.

“42-maktabda quvvat mavjud bo‘lmagani sababli, maktab 1-sinfga qabul o‘tkazmoqchi emas edi. Boshqa maktab hududida qo‘shimcha sinflar ochish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, nufuzli maktab direktorlarining tajribasi muvaffaqiyatsizroq bo‘lgan maktab rahbarlari va yangi kadrlar o‘rganib boradi. Shu tufayli, biz ularni davlat ta'lim tizimida ushlab qolish va ularning qonuniy va samarali faoliyati uchun kerakli sharoitlar yaratish kerak, deb o‘ylaymiz.

Agar biz ularni faqat jazolasak (qamasak!), shundoq ham kamsonli bo‘lgan yaxshi kadrlarni yo‘qotamiz. Ha, shunda biz bu maktablarning darajasini ota-onalar farzandlarini berishni istamaydigan ta'lim muassasalari bilan bir xil darajaga keltiramiz. Biz esa, nufuzli maktablarni rivojlanishni davom ettirishlariga, talab kam maktablarni esa nufuzli maktablar tajribasini o‘rganishga motivatsiya qilishimiz lozim, sababi bu ularga qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi. Maktablar orasidagi farq talab kam bo‘lgan maktablarning faoliyatini yaxshilash orqali qisqarib boradi”, deya fikrini yakunlaydi Sherzod Shermatov.

P.S. Biz, vazirlikning yangi jamoasi, bu tizimni yaratmaganmiz, ammo biz, jumladan, hamma tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydigan qarorlar qabul qilgan holda uni o‘zgartirishga majburmiz. Biz bu maktablarga o‘zimizning “kvota”mizni belgilagan holda o‘z muammolarimizni “yechishimiz” mumkin edi. Hamma mamnun bo‘lar edi. Boshqa tomondan, bolalarni 1-sinfga qabul jarayonini “biznes”ga aylantirib olgan talay odamlar mavjud. Tabiiyki, ular o‘zgarishlarni, jumladan qabul pullari haqida noto‘g‘ri ma'lumot tarqatgan holda, sabotaj qilishga harakat qiladilar.

Mavzuga oid